Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug harbiy qism va muassasalari negizida Mudofaa vazirligi qo‘shinlari muhandis-texnik tarkibi bilan o‘quv-uslubiy yig‘in bo‘lib o‘tdi.
Unda Mudofaa vazirligi harbiy okrug, qo‘shilma, harbiy qismlarning zirhli tank, avtomobil va raketa-artilleriya xizmati boshliqlari, oliy harbiy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari, raketa-artilleriya qurol-aslahalarini saqlash omborxonalari hamda zirhli tank qurol va texnikalarini ishlatish bo‘yicha mas’ul shaxslar ishtirok etdi.
Hozirgi vaqtda zamonaviy harbiy harakatlarni jangovar texnikasiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Dushmanga katta talafot yetkazish, kuchli zarba berish, albatta, qudratga ega bo‘lgan harbiy texnikalar zimmasidagi muhim vazifa bo‘lib qoladi. Ammo, ushbu texnikalarning doimiy jangovar shay va soz holatda ushlab turilishini ta’minlash, har xil ob-havo va hududlarda ishlatishning o‘ziga xos bo‘lgan tomonlarini inobatga olish katta kuch, sarf-xarajat va imkoniyatlarni talab qiladi.
Ta’kidlash joizki, Mudofaa vazirligi qo‘shinlarida bu yo‘nalishga alohida e’tibor qaratilib, so‘nggi yillarda harbiy qism va muassasalardagi jangovar texnikalarni saqlash parklari, ularga texnik xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash ishlarini olib borish joylari, texnika va qurol-yarog‘ni saqlash omborlarida kapital ta’mir ishlari olib borilib, zamonaviy shart-sharoitlar yaratilmoqda. Qo‘shinlarga xarid qilinayotgan yangi harbiy va jangovar texnikalar, o‘qotar va raketa-artilleriya qurollari butun armiyaning jangovar qudratini oshirib, mamlakatimiz mudofaa salohiyatini yuksaltirishga xizmat qilmoqda.
Bir necha kun davom etgan yig‘inda nazariy mashg‘ulotlar bilan birga amaliy va ko‘rgazmali mashg‘ulotlar hamda nazorat-sinov mashqlari o‘tkazildi. Yig‘inga Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi kuch tuzilmalari muhandis-texnik ta’minoti mutaxassislari hamda Yo‘l harakati xavfsizligi xodimlari ham jalb etildi.
O‘quv-uslubiy yig‘in zirhli tank qurol-aslaha va texnikalar hisobini to‘g‘ri yuritish, ekspluatatsiya qilish, saqlash, texnik xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash bo‘yicha mas’ullarning nazariy bilim va amaliy ko‘nikmasini oshirish hamda xizmat samaradorligini yuksaltirish maqsadida tashkil etildi.
Mudofaa vazirligi Qurollanish bosh boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Dilshod Nosirov rahbarligida o‘tgan o‘quv-uslubiy yig‘in Nukus garnizoni Ma’naviyat va ma’rifat markazida nazariy mashg‘ulotlardan boshlandi.
Albatta, harbiy operatsiyalarda bo‘linmalarning jangovar qobiliyatini ushlab turish uchun qurol-aslaha va texnikalarni yuqori jangovar shaylik holatida saqlash, bo‘linmalarni o‘q-dorilar va harbiy-texnik anjomlar bilan ta’minlash, qisqa vaqt ichida safdan chiqqan qurol-aslaha va texnikalarni tiklash va o‘z vaqtida safga qaytarish bo‘yicha mas’uliyatli vazifalarni bajarish talab etiladi. Tadbir ishtirokchilari tomonidan mudofaa operatsiyasini olib borish davrida harbiy okrug texnik ta’minotini tashkillashtirish bo‘yicha ma’ruzalarda bu haqda ta’kidlanib, zamonaviy harbiy operatsiyalarda texnik ta’minotning o‘rni muhimligi e’tirof etildi.
[gallery-12870]
Ma’ruzalarda ishtirokchilar tomonidan qurol-aslaha, o‘q-dori va artilleriya qurollari, avtomobil hamda zirhli tank texnikalarini cho‘l sharoitida jangovar qo‘llashga tayyorlashning o‘ziga xos xususiyatlari, dunyoda sodir bo‘layotgan qurolli mojarolarda soha ta’minotiga oid omillar chuqur o‘rganildi. Shuningdek, qurol-aslaha va harbiy texnikaga mavsumiy texnik xizmat ko‘rastishni tashkillashtirish, qo‘shinlarda yo‘l-transport hodisalarning oldini olish bo‘yicha mutaxassislarning tavsiyalari tinglandi.
Keyingi o‘quv joyida garnizon hududidagi harbiy, jangovar va maxsus texnikalarni saqlash uchun mo‘ljallangan parkning muhim elementi hisoblangan Texnik xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash tarmog‘ining imkoniyatlari namoyish etildi. Texnika va qurol-aslahalarga sifatli texnik xizmat ko‘rsatish va joriy ta’mirlash ishlarini olib borish, ularni doim soz va jangovar shay holatda saqlash uchun mo‘ljallangan mazkur ob’ekt 2021 yilda kapital ta’mirdan chiqarilgan bo‘lib, zamonaviy ko‘rinishga keltirildi. Zamonaviy dastgoh va agregatlar bilan jihozlgangan ushbu ob’ektda moylash ishlarini amalga oshirish, filtrlar va havo kassetalarini yuvish va moylash, stabilizatorlar, tungi moslamalar, elektr jihozlari va nazorat-o‘lchov asboblarini tekshirish postlari yaratildi. Shuningdek, montaj-demontaj, agregatlarni joriy ta’mirlash, chilangarlik, elektrogaz payvandlash, temirchilik, elektr jihozlariga xizmat ko‘rsatish, yonilg‘i apparatlari va tentlarni ta’mirlash hamda bo‘yoqlash kabi o‘nlab ishchi joylari bunyod etildi.
Navbatdagi o‘quv joyida Nukus garnizoni yong‘in nazorati inspeksiyasi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi yong‘in-qutqaruv bo‘linmalari va qutqaruv otryadlari tomonidan o‘t o‘chirish va qutqaruv uchun mo‘ljallangan anjom-aslahalar va maxsus harbiy texnikalari haqida ma’lumot berilib, shartli ravishda yong‘in sodir bo‘lganda harbiy qism yong‘in o‘chirish komandasining tezkor harakatlari namoyish etildi. Shuningdek, harbiy qism qurol-aslaha ombori hududiga hujum qilayotgan shartli qurolli guruhning zarbasini qaytarish bo‘yicha taktik mashg‘ulot ko‘rsatib berildi.
Yig‘in rejasiga muvofiq, keyingi o‘quv “Nukus” umumqo‘shin poligonida namoyish etildi. Unda cho‘l sharoitida mudofaa operatsiyasini olib borish davomida notanish hududda texnik kuzatuv punkti va ta’mirlash-evakuatsiya guruhining kunduzgi va tungi sharoitdagi faoliyati ko‘rsatilib, har bir ob’ektni jihozlash, hududga mos ravishda niqoblash hamda ishni tashkil etish bo‘yicha taklif va tavsiyalar berildi. Har bir ob’ektda yig‘in ishtirokchilari tomonidan jarayonlar shaxsan bajarilishiga alohida e’tibor qaratildi.
Navbatdagi manzil Xorazm viloyatidagi “Urganch ekskavator zavodi” aksiyadorlik jamiyati bo‘ldi. Unda mutaxassislar zavod infratuzilmasi, ishlab chiqarish jarayoni hamda milliy mahsulot va uning imkoniyatlari bilan yaqindan tanishib, bilimlarini boyitdi.
Shuningdek, yig‘in doirasida har bir ishtirokchidan jismoniy tayyorgarlik hamda harbiy topografiyadan nazorat sinovlari qabul qilinib, mutaxassislik bo‘yicha bilim va ko‘nikmalari tekshirildi.
Tadbir ishtirokchilari Markaziy Osiyodagi yirik va noyob me’moriy yodgorlik bo‘lmish Ichan-qal’a, Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug tarixi muzeyiga sayohat qilib, Nukus garnizoni hamda harbiy qismlarning ma’naviyat va ma’rifat markazlari faoliyatlari bilan yaqindan tanishdi.
O‘quv-yig‘ini yakunida sohaga oid qo‘shinlarda mavjud bo‘lgan muammoli savol va murojaatlar tinglanib, ularning yechimi borasida takliflar ishlab chiqildi. Ilg‘or harbiy xizmatchilar esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Temur NARZIEV,
Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati boshlig‘i, podpolkovnik.
O‘zA