English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mudofaa vaziri o‘rinbosari Kegayli tumani yoshlari bilan uchrashdi
21:07 / 2022-06-16

O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirining jangovar tayyorgarlik bo‘yicha o‘rinbosari, polkovnik Qodirjon Tursunov hamda Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni polkovnik Farhodjon Shermatov Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi Kegayli tumani yoshlari bilan muloqot qildi.

“O‘zbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostida tuman hokimligi binosida o‘tgan uchrashuvda vazir o‘rinbosari yoshlarni bilimni qadrlashga, sport bilan muntazam shug‘ullanishga, bugungi kunni qadrlab, kelajakka ulkan maqsadlar qo‘yishga chaqirdi. So‘nggi yillarda Mudofaa vazirligi qo‘shinlarida jangovar tayyorgarlik va uni samarali tashkil etishga qaratilib, o‘quv-jangovar mashg‘ulotlar murakkablashtirilayotgani, topshiriqlarni tunggi sharoitda, notanish poligon va hududlarda bajarish imkoniyatlari oshirilgani, taktik harakatlarning yangi usul va uslublari amaliyotga samarali joriy etilayotganini ta’kidladi. Xalqaro harbiy va harbiy-texnik hamkorlik doirasida yo‘lga qo‘yilgan har tomonlama aloqalar natijasida nufuzli harbiy musobaqalarda yurtdoshlarimiz faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritayotganini e’tirof etdi.

Uchrashuv davomida yoshlar milliy armiyamiz, mudofaa salohiyatimiz, harbiy xizmatchilar tomonidan qo‘lga kiritilayotgan ulkan yutuq va marralar haqida ma’lumotga ega bo‘ldi.

Uchrashuvda yoshlar Mudofaa vazirligi qo‘shinlarida o‘zaro tajriba almashish va sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish maqsadida jangovar tayyorgarlikdan «Men g‘olib!» shiori ostida o‘tkazib kelinayotgan musobaqalarning ahamiyati, ularni tashkil etishning maqsadlarini bilib oldi.

Mamlakatimiz yoshlarini harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish va munosib rag‘batlantirish maqsadida 2021 yildan umumta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida Mudofaa vaziri kubogi uchun o‘tkazilgan “Vatanparvarlar” musobaqasida ham aynan Kegayli tumani yoshlari faxrli birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan.

Samimiy ruhda o‘tgan uchrashuv davomida vazir o‘rinbosari va qo‘mondon ulkan maqsadlarga erishishning oddiy sirlari haqida o‘rtoqlashdi va yoshlarni qiziqtirgan savollarga javob berdi.

Uchrashuvda faol ishtirok etgan yoshlar rag‘batlantirildi.

Dovud Abibullayev, O‘zA