Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mudofaa ishlari bo‘limi yangi binoda
13:20 / 2024-03-10

Yurtimiz mudofaa qudratini kuchaytirish, harbiy kadrlar salohiyatini oshirish, zamonaviy harbiy texnika, qurol-aslahalar bilan ta’minlash davlat siyosatining muhim yo‘nalishi hisoblanadi. Buning natijasida joylardagi mudofaa tizimi bilan bog‘liq obyektlar zamonaviy qiyofa kasb etib, harbiy xizmatchilar uchun qulay sharoit yaratilib, texnik ta’minot bugungi kun talabiga muvofiq rivojlanib bormoqda.

Albatta, mamlakat harbiy qudrati salohiyatli kadrlarga bog‘liq. Mudofaani salohiyatli kadrlar bilan ta’minlashdek muhim jarayonning asosiy vazifasini tuman va shaharlar mudofaa ishlari bo‘limlari bajaradi. Ammo so‘nggi yillarda tizimning bu muhim bo‘g‘ini biroz e’tibordan chetda qoldi. Oqibatda ularning moddiy-texnik bazasi achinarli holga kelib qoldi. Yetarli mehnat sharoitiga ega bo‘lmagan mudofaa bo‘limlarining ish samaradorligi ham ancha sustlashdi.  

Tizimdagi ana shunday muammolarni bartaraf etish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida joylardagi mudofaa ishlari bo‘limlari zamon talablariga mos sharoitlarga ega bo‘lib, sarhadlarimiz daxlsizligini ta’minlash, mudofaa qudratini oshirishga munosib hissa qo‘shib kelmoqda. Urgut tuman mudofaa ishlari bo‘limi ham ana shunday zamonaviy bo‘limlardan biriga aylandi. Bo‘limning yangi binosi homiylik asosida “BIG story //” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan 6,2 milliard so‘m mablag‘ evaziga bunyod etildi. E’tiborlisi, yangi bino bir vaqtning o‘zida 220 nafar chaqiriluvchini qabul qilish imkoniyatiga ega.  

– Yurtimizda amalga oshirilayotgan ulkan o‘zgarishlar har bir sohada tub burilish yasamoqda, – deydi “Nuroniy” jamg‘armasi Urgut tumani bo‘limi raisi Farmon Azizov. – Xuddi shunday mudofaa tizimida ham. Tumanimiz mudofaa ishlari bo‘limining zamonaviy binosini ko‘rib ko‘zim quvnadi. Bir muddat muddatli harbiy xizmatga chaqiruv komissiyasining raisi sifatida yigitlarni harbiy xizmatga saralash ishlarida ishtirok etganman. O‘sha davr bilan hozirgisini solishtirib bo‘lmaydi. Bitta kichkina xonaga uch-to‘rt kishi kirib, chaqiriluvchilarni suhbatdan o‘tkazar edi. Bugun esa har bir mutaxassis uchun alohida xona tashkil qilingan. Bu chaqiriluvchilarni har tomonlama chuqur tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib, sog‘lom va barkamol, jasur yigitlarni saralashga xizmat qiladi.

Bo‘limning tantanali ochilish marosimida Markaziy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni Farrux Ziyabayev, viloyat hokimi o‘rinbosari Rustam Qobilov so‘zga chiqdi.

[gallery-16320]

G‘.Hasanov, A. Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari