Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Muddatli harbiy xizmatni o‘tagan 300 nafarga yaqin qoraqalpog‘istonlik yoshlar uyiga qaytdi
19:55 / 2023-04-01

Vatan oldidagi muqaddas burchini bajarib, uylariga yorug‘ yuz bilan qaytayotgan 300 nafarga yaqin qoraqalpog‘istonlik yoshlar “Nukus” temir yo‘l vokzalida tantana bilan kutib olindi.

Ular Farg‘ona, Andijon, Namangan, Samarqand, Surxondaryo, Navoiy, Toshkent viloyati va Toshkent shahrida muddatli harbiy xizmatni o‘tab, zaxiraga bo‘shatilgan.  

Bu haqda Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati xabar berdi.  

Mardlar safini tark etgan yigitlarni Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘mondonligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mudofaa ishlari boshqarmasi, Qurolli Kuchlar faxriylari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari hamda ota-onalar qarshi oldi.  

Egnilarida harbiy libosi yarashgan norg‘ul o‘g‘lonlar vagonlardan mardona chiqar ekan, ularni kutib olayotganlar bir yil oldingi o‘spirinlar bugun ancha ulg‘ayib, kuch quvvatga to‘lganini e’tirof etishdi. O‘z ona yurtining tinchligi, xalqining osoyishtaligini ximoya qilish haqiqiy mardlarning ishi ekanligi ta’kidlandi.  

Ko‘zlarida quvonch yoshi bilan bolalarini bag‘riga bosayotgan ota-onalar, shu aziz zaminning farzandi bo‘la turib, zimmasiga yuklatilgan mas’uliyatni sharaf bilan ado etib kelgan mag‘rur o‘g‘lonlarning baxtiyor chexralari, ularni kuzatib turgan olomonning quvonchi atrofni bayram kayfiyati bilan cho‘lg‘ab oldi.  

[gallery-11241]

Nukus garnizoni harbiy orkestri ijrosidagi harbiycha kuy va navolar endigina xizmatdan qaytayotgan yigitlar xayoliga armiya saflarida o‘tgan quvonchli kunlarni, hayotga toblagan mashaqqatli mashg‘ulotlarni, birga yelkama-yelka safda turgan safdoshlarni, pandu-nasihati bilan ustozga aylanib qolgan komandir va boshliqlarni yodga solgan bo‘lsa, ajab emas.  

Ta’kidlash joizki, bu yil muddatli harbiy xizmatni o‘tab bo‘lgan 28 nafar qoraqalpog‘istonlik yigit hayotini Vatan himoyasiga bag‘ishlab, kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatni davom ettirish istagini bildirgani, yoshlar o‘rtasida harbiylik kasbiga bo‘lgan qiziqish ortishidan dalolat beradi.  

Quvonchli kunlar Nukus shahridagi 22-kichik dahaning Guzar mahallasida ham ro‘y berdi. Shu kuni Quvat aka Nazarimbetov va Gulayim aya Mavlenbergenovaning katta farzandi Otabek Matchanov ham muddatli harbiy xizmatni o‘tab, uyiga yorug‘ yuz bilan qaytdi.  

Mudofaa vazirligiga qarashli Andijon garnizonidagi harbiy qismda yigitlik burchini o‘tagan Otabek namunali xulqi, askarlik davrida erishgan yutuqlari tufayli harbiy qism qo‘mondonligining e’tirofiga sazovor bo‘lib, safdoshlariga o‘rnak bo‘lib kelgan.  

Harbiy libos kiyishga bo‘lgan bolalik orzusi, harbiy qismda o‘z kasbining ustasi bo‘lgan yetuk ofitserlarning shaxsiy namunasi muddatli harbiy xizmatga ketgan Otabek qalbida yangi maqsad uyg‘otdi. Endilikda, armiya saflaridan qaytgan yigit hayotini harbiy soha bilan chambarchas bog‘lab, kelgusida ofitser bo‘lish niyatini amalga oshirmoqchi. Buning uchun Otabek bu yildan qolmay Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurtiga o‘qishga kirishmoqchi. Albatta, hayot maktabini o‘tagan, dunyoqarashi kengayib, qat’iyatli bo‘lib kelgan Otabek oldiga qo‘ygan maqsadiga erishib, kelgusida yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovon hayoti uchun fidoyi inson bo‘lib yetishishiga tilakdoshmiz.  

Uyga yorug‘ yuz bilan qaytib kelgan askarni ota-onasi, yaqinlari va qo‘ni-qo‘shnilari katta sharaf bilan qarshi olib, yurtimiz himoyachisi keldi deya e’tirof etishdi.  

O‘zA