Jizzax viloyati Zomin tumanida joylashgan Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlariga qarashli harbiy qismda muddatli harbiy xizmatchilar uchun imtiyozli tavsiyanomalar berish maqsadida test sinovlari o‘tkazildi.
Mazkur sinovlar harbiy xizmatni namunaviy o‘tayotgan askarlarga respublika oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishda qo‘shimcha imkoniyat yaratishga qaratilgan.

Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligining Jizzax viloyati bo‘limi mutaxassislari ishtirokida tashkil etildi. Sinovlar avvalida ishtirokchilarga test tartibi va baholash mezonlari yuzasidan tushuntirish berildi.
Belgilangan tartibga muvofiq, xizmatchilar raqamlashtirilgan qurilmalar orqali ro‘yxatdan o‘tkazilib, auditoriyalarga joylashtirildi. 100 ta savoldan iborat test jangovar tayyorgarlik, ma’naviy-ma’rifiy bilimlar, matematika, fizika va mantiqiy fikrlash yo‘nalishlarini qamrab oldi. Maksimal ball 110 etib belgilandi, sinov uchun 3 soat vaqt ajratildi.

Jarayonning ochiq va shaffof o‘tishi ta’minlanib, auditoriyalarda videokuzatuv vositalari o‘rnatildi.
Qayd etilishicha, test natijalariga ko‘ra beriladigan imtiyozli tavsiyanomalar 3 yil muddatga amal qiladi. Ular harbiy xizmatchilarga oliy ta’lim olish va bilim salohiyatini oshirish uchun keng imkoniyat yaratadi.
O‘zA fotomuxbiri
Jamshid YORBEKOV olgan suratlar.