FOTOREPORTAJ
Sharqiy harbiy okrug Farg‘ona garnizonidagi harbiy qismlarda muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan askarlar uchun Farg‘ona shahar 4-sonli texnikum bilan hamkorlikda kasb-hunar hamda xorijiy tillarni o‘rgatishga qaratilgan o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etildi.
Mashg‘ulotlar davomida harbiy xizmatchilar zamonaviy kasblar asoslarini o‘rganish, kompyuter savodxonligini oshirish, shuningdek, xorijiy tillar bo‘yicha boshlang‘ich bilim va ko‘nikmalarni egallash imkoniyatiga ega bo‘lmoqda. Darslar tajribali o‘qituvchilar tomonidan interaktiv usullarda olib borilmoqda.
Endilikda mazkur loyiha askarlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularning kelgusidagi kasbiy faoliyatiga mustahkam poydevor yaratish hamda harbiy xizmatdan keyingi hayotga moslashuvini osonlashtirishga xizmat qiladi.
[gallery-27296]
Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan Xavfsizlik kengashining mamlakatimiz harbiy xavfsizligi va mudofaasini mustahkamlash masalalari bo‘yicha kengaytirilgan yig‘ilishida muddatli harbiy xizmat faqat jismoniy va harbiy tayyorgarlik emas, balki yoshlarni jamiyatda mustahkam o‘rin topishi uchun mehnat bozoriga va mustaqil kasbga tayyorlash bosqichi sifatida tashkil etilishi zarurligi qayd etilgan.
Mazkur o‘quv kurslari ham Oliy Bosh Qo‘mondon tomonidan ilgari surilgan “Muddatli harbiy xizmatni o‘tash — yoshlar uchun muvaffaqiyat yo‘li”ga aylanishi kerak, degan g‘oyaning amaliy ifodasi hisoblanadi.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA