Milliy gvardiya bo‘linmalaridagi muddatli harbiy xizmatchilar oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun beriladigan imtiyozli tavsiyanoma olish maqsadida test sinovlaridan o‘tishmoqda.
Mazkur test sinovlari "Muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan harbiy xizmatchilarga O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun tavsiyanomalar berish tartibi to‘g‘risida"gi Nizom asosida amalga oshirilmoqda.
Albatta, ushbu tavsiyanomalar muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan, jangovar va ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlik bo‘yicha yuksak natijalarga erishgan, zaruriy bilim va saviyaga ega, namunali harbiy intizomini namoyon etgan eng munosib harbiy xizmatchilarga beriladi.
Respublikamiz bo‘ylab Milliy gvardiya harbiy qismlarida o‘z yigitlik burchini o‘tab kelayotgan muddatli harbiy xizmatchilar ichida esa oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirish uchun beriladigan imtiyozli tavsiyanomaga munosiblar ko‘pchilikni tashkil qiladi.
—Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan o‘tkazilayotgan mazkur sinovlardagi test savollari umumiy soni 100 ta. Ularning 40 tasi jangovar tayyorgarlik, 20 tasi — ma’naviy- ma’rifiy tayyorgarlik, 10 tasi matematika, 10 tasi fizika fani bo‘yicha va qolgan 20 tasi mantiqiy savollardan iborat. Test sinovlari uchun ajratilgan umumiy vaqt 3 soatni tashkil etadi,— deydi Bilim va malakalarni baholash agentligi mutaxassisi Saidali Habibullayev.
Milliy gvardiyaning Toshkent shahri va viloyatida joylashgan harbiy qismlari misolida oladigan bo‘lsak, test sinovlarida qatnashgan muddatli harbiy xizmatchilar har bir savolga sinchkovlik bilan yondashib, maksimal ball olishga harakat qilishdi.
<iframe width="789" height="444" src="https://www.youtube.com/embed/489U7mQJ4N8" title="Muddatli harbiy xizmatchilar imtiyozli tavsiyanoma uchun test sinovlaridan oʻtishmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Bu ham ko‘rsatib turibdiki, muddatli harbiy xizmatchilar bir yil davomida harbiy qismlarda serjant va ofitserlardan professional bilim va ko‘nikmalarini oshirish uchun qunt bilan saboq olishgan.
Ma’lumot uchun aytib o‘tishimiz kerakki, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan fuqarolarga beriladigan tavsiyanomalar uch yil mobaynida amal qiladi.
N.Rahmonova, O‘zA