Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Muddatidan oldin ovoz berish davom etmoqda
19:39 / 2023-07-04

Namangan viloyatida ham muddatidan oldin ovoz berish davom etmoqda. Yangi Namangan tumanidagi 63-sonli umumta’lim maktabida joylashgan 98-saylov uchastkasida bugungi kunga qadar ro‘yxatga olingan 1 ming 854 saylovchidan 21 nafari ovoz berishda ishtirok etdi.

Uchastka saylov komissiyasi raisi Iqbola Turg‘unovaning qayd etishicha, fuqarolarning siyosiy irodasini namoyish etishi uchun munosib sharoitlarni hozirlashdi.

– Xorijiy davlatda mehnat faoliyati bilan shug‘ullanib kelaman. Prezident saylovi kuni o‘zim istiqomat qilayotgan manzilda bo‘lmasligim, Polsha davlatiga jo‘nab ketishim sababli fuqarolik pasportim bilan 98-saylov uchastkasiga kelib muddatidan oldin ovoz berdim, – deydi Kelajak tongi mahallasidan saylovchi Alixon Mo‘ydinov. – Ommaviy axborot vositalari orqali Prezidentlikka nomzodlarning saylovoldi dasturlari bilan tanishib chiqqan edim. Vatanimizning ertangi kuniga befarq qaramayman. Saylovlarda muntazam ravishda ishtirok etaman. Yangi O‘zbekistonga daxldorlik hissini tuygan holda o‘zim munosib deb bilgan, xalqimizga sadoqat bilan xizmat qiladigan nomzod uchun ovoz berdim.  

Prezident saylovini o‘tkazuvchi 6-Namangan okrug saylov komissiyasi matbuot markazining O‘zA muxbiriga ma’lum qilishicha, Yangi Namangan tumani hududida 39  saylov uchastkasi bo‘lib, ularning 27 tasi umumta’lim maktablarida joylashgan. Tuman miqyosida 81 mingdan ortiq saylash huquqiga ega bo‘lgan fuqarolar ro‘yxatga olingan bo‘lib, 4 iyul holatiga mingga yaqin kishi muddatidan ilgari ovoz berish jarayonlarida ishtirok etgan.  

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.