Joriy yil 27 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda mahalliy kengashlar deputatligiga saylovlarda saylovchilarning muddatidan oldin ovoz berishi yakunlari bo‘yicha Andijon viloyati hududiy saylov komissiyasi tomonidan brifing o‘tkazildi.
Brifingda viloyat hududiy saylov komissiyasi raisi Bahtiyorjon Rasulov quyidagilarni ma’lum qildi:
– O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, Saylov kodeksi va Markaziy saylov komissiyasi tasdiqlagan Nizomlari hamda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2024 yil 26 iyuldagi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari Kengashlari deputatlari saylovini o‘tkazish bo‘yicha kalendar reja asosida olib bormoqda.
Andijon viloyati hududida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini o‘tkazish bo‘yicha 7 ta bir mandatli saylov okruglari tashkil etilgan bo‘lib, 5 ta siyosiy partiyadan ko‘rsatilgan 35 nafar deputatlikka nomzod ro‘yxatga olingan.
Xalq deputatlari Andijon viloyati Kengashi deputatlari saylov o‘tkazuvchi 55 ta saylov okrugi tuzilgan bo‘lib, 5 ta siyosiy partiyadan viloyat kengashi deputatligiga 275 nafar nomzod ko‘rsatilgan.
Xalq deputatlari tuman, shahar kengashlari deputatligiga saylov o‘tkazuvchi 395 ta saylov okrugi tuzilgan bo‘lib, 5 ta siyosiy partiyadan 1 ming 975 nafar deputatlikka nomzod ro‘yxatga olingan.
Kalendar rejaga muvofiq viloyatimizda tashkil etilgan jami 938 ta saylov uchastkasining barchasiga saylovga 11 kun qolganida ya’ni 2024 yilning 15 oktyabr kuni Saylov kodeksi va Markaziy saylov komissiyasi Nizomi bilan tasdiqlangan jihozlar yetkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 57-moddasida saylov kuni o‘z yashash joyida bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lmagan saylovchining muddatidan oldin ovoz berish huquqi kafolatlangan bo‘lib, muddatidan oldin ovoz berish saylovga o‘n kun qolganida boshlanib, uch kun qolganida tugallanishi belgilangan.
Viloyatda muddatidan oldin ovoz berish uchun saylov uchastkalariga saylovchilar umumiy sonining 10 foizi miqdorida saylov byulletenlari yetkazib berildi.
Markaziy saylov komissiyasi tomonidan belgilangan, 2024 yil 16-23 oktyabr kunlari viloyatimizda muddatidan oldin ovoz berish jarayoni ish kunlari soat 9.00 dan 18.00 ga qadar, shanba va yakshanba kunlari esa soat 11.00 dan 17.00 ga qadar tashkil etildi.
Muddatidan oldin ovoz berish 2024 yil 23 oktyabr soat 18.00 da yakunlandi. Viloyat bo‘yicha jami 36 ming 486 nafar saylovchi muddatidan oldin ovoz berish huquqidan foydalandi.
F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (foto), O‘zA muxbirlari