Qashqadaryo viloyatining Muborak tumanida joylashgan harbiy qismda “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi tashkil etildi.
Tadbir Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Qashqadaryo viloyati kengashi hamda Muborak tumani hokimligi hamkorligida o‘tkazildi.


Uchrashuv davomida yoshlar bilan ochiq va samimiy muloqot o‘tkazilib, ularning taklif va tashabbuslari tinglandi. Shuningdek, harbiy xizmatning sharafli va mas’uliyatli ekani, Vatan himoyasi har bir yigitning muqaddas burchi ekani alohida ta’kidlandi.

Tadbir yakunida yoshlar uchun harbiy qismda “Ochiq eshiklar kuni” tashkil etildi. Unda ishtirokchilar harbiy qism faoliyati, askarlar uchun yaratilgan sharoitlar hamda zamonaviy harbiy texnikalar bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ldi.

Ta’kidlash joizki, bunday uchrashuvlar yoshlar qalbida vatanparvarlik, fidoyilik va yurtga sadoqat tuyg‘ularini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri