Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Muborak Ramazon oyi – poklanish fursati
16:12 / 2026-02-17

Mohi Ramazon ezgulik, mehr va muruvvat, xayru saxovat ayyomi sanaladi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning yaqinda qabul qilgan “Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori muqaddas oyni ko‘tarinki ruhda o‘tkazish borasida amaliy chora-tadbirlarni ko‘zda tutgani bilan ahamiyatlidir.

Ushbu oyning o‘rni va ahamiyati, xalqimiz ma’naviy hayotida tutgan o‘rni haqida O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi professori, tarix fanlari doktori Ne’matullo Muhamedov O‘zA muxbiriga quyidagilarni gapirib berdi:

–  Muborak Ramazon oyi eshik qoqmoqda. Yer yuzidagi barcha musulmonlar mehr-shafqat, fayz-baraka, rushd-hidoyat kunlari bo‘lgan Ramazoni sharifni zo‘r xursandchilik va cheksiz shukronalar ila qarshi oladilar.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida” qarori e’lon qilindi. Qarorda keyingi yillarda mamlakatimizda inson qadri, huquq va manfaatlarini ta’minlash, jamiyatimizda tinchlik, do‘stlik va hamjihatlik muhitini mustahkamlash, aholi, ayniqsa, ehtiyojmand toifalarni ijtimoiy himoya qilish borasidagi  keng ko‘lamli islohotlarimiz tufayli muqaddas islom dinining insonparvarlik mohiyati, o‘zaro ahillik, saxovat va shukronalik g‘oyalarini o‘zida mujassam etgan muborak Ramazon oyi xalqimiz qalbiga yanada yaqin va mo‘’tabar ayyomga aylanishi ta’kidlangan.

Shuningdek, ijtimoiy-ma’naviy hayotimizdagi o‘rni va ahamiyati tobora ortib borayotgan Ramazon oyini munosib kutib olish va yuqori saviyada o‘tkazish, diniy-ma’rifiy, madaniy qadriyatlarimizni asrab-avaylash va ulug‘lash maqsadida bir qator vazifalar belgilangan.

Ma’lumki, Ramazon poklanish, mehr-shafqat, ibodat va Qur’on oyidir. Alloh taolo bu oyning ulug‘ligini shunday bayon etgan: “Ramazon shunday ulug‘ oyki, unda insonlarni hidoyatga boshlaguvchi, halol bilan haromni ajratib beruvchi Qur’on nozil qilingan” (“Baqara” surasi, 185-oyat). Masjidlarda Ramazon kechalari tarovih namozlarida Qur’on o‘qilishi bejiz emas. Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) “Ramazon shunday oyki, uning avvali rahmat, o‘rtasi mag‘firat va oxiri do‘zax o‘tidan xalos qiladigan kunlardir” deb marhamat qilganlar.

Ro‘za Islomdagi besh ustunlardan biridir. Bu xususda ”Baqara” surasining 183-oyatida: “Ey, iymon keltirgan bandalar, Sizlardan avvalgi qavmlarga farz qilinganidek, Sizlarga ham ro‘za tutish farz qilindi, shoyad taqvodor bo‘lsangiz” deb zikr etilgan. Avvalo, ro‘za tutish orqali Alloh taolo ibodatga buyuradi. Ushbu ibodat tufayli inson jismonan, qalban va ruhan poklanib, taqvodor bo‘ladi. Taqvo biror narsadan tiyilish, saqlanish degani, ya’ni, “parhez” so‘ziga to‘g‘ri keladi. Bunda inson o‘z nafsini yeyish, ichishdan, noshoyista xatti-harakatlardan,  tilini turli bema’ni, haqoratli gap-so‘zdan tiyadi. Umuman, kishi ko‘z, quloq va boshqa a’zolarini isloh etib, sabr-qanoatga o‘rgatadi. Shuningdek, ro‘zador kishi birovning dilini og‘ritish va haqiga xiyonat qilish kabi illatlardan saqlanishi lozim. Bu haqda payg‘ambarimizning “Agar yomon gap-so‘z, gina-adovatlardan saqlanmasangiz, kun bo‘yi och yurishingizga Alloh muhtoj emas” hadislari mavjud. Demak, tilni turli fisq-fujur gap-so‘zlardan pok saqlashlik Ramazoni sharif odoblaridan sanaladi.

Ro‘za tutish inson va jamiyat uchun foydali ekanligi to‘g‘risida Imom G‘azzoliy shunday deganlar: “Ro‘za tutish jon uchun zakot, badan uchun riyozat, yaxshilik uchun da’vatdir. Ro‘za  inson uchun gunohlardan tiyilish, jamiyat uchun jinoyatlardan saqlanishdir. Och badanda qalb bir me’yorda ishlaydi, aql tiniqlashadi, ko‘z ravshan tortadi. To‘qlik dangasalik tug‘diradi, qalb qo‘rini o‘chiradi, zehnni o‘tmaslashtiradi. Kam uyqu va kam taom bilan qalblaringizga hayot baxsh eting. Qalblaringizni ochlik bilan poklanglar. Shunda qalblaringiz musaffo bo‘ladi va tetiklashadi”.

Islomning ahkomlari va boshqa ibodatlari singari ro‘za jamiyat va inson hayotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi shubhasizdir. Negaki, ro‘za tutish orqali inson o‘z irodasini mustahkamlaydi. O‘zgalarga nisbatan mehr-shafqatli va xushmuomalali bo‘ladi. Ramazon oyida bemorlar, yolg‘iz keksalar, ehtiyojmandlar holidan xabar olish va ularga xayr-saxovat ko‘rsatish eng savobli amallardan sanaladi.

Bu borada Imom Termiziy  “Sunan Termiziy” asarida “Saxiylik” deb nomlangan alohida bob ajratgan va mazkur bobda saxovatga oid quyidagi hadisni keltirgan: “Saxiy Allohga yaqin, jannatga yaqin, insonlarga yaqin va jahannam olovidan uzoqdir. Baxil esa, Allohdan uzoq, jannatdan uzoq, odamlardan uzoq va jahannam oloviga yaqindir. Albatta, johil saxiy Alloh taologa baxil obiddan ko‘ra suyukliroqdir”.

Ibn Abbos (roziyallohu anhu) dedilar: “Janobi Rasululloh sallollohu alayhi va sallam ehsonda va karamda bani bashar jinsi qila olmagan saxovatni qilar edilar. O‘zlari darveshona hayot kechirar edilar... Butun yil ahvollari shu bo‘lar edi. Lekin Ramazoni muborakda karamlari haddan tashqari bo‘lar edi... Karamlaridan hamma barobor naf olar edi”.

Ramazon oyida kishilar o‘rtasidagi munosabatlar yaxshilanadi, har qanday gina-kuduratlar, araz-nifoq unutiladi. Rasululloh (s.a.v.) bashorat qilganlaridek, Ramazon oyida ixlos, e’tiqod va Allohning rahmatidan umidvor bo‘lib ro‘zador bo‘lgan kimsaning barcha o‘tmish gunohlari mag‘firat qilinadi. Shunday ekan, taqvo va poklanish oyini g‘animat bilib, ezgulik, yaxshilikka undovchi xayrli, savobli amallarni ko‘paytiraylik.

 N.Usmonova yozib oldi, O‘zA