French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mubashshir Ahmad Majid: 2023 yil yakuniga qadar stansiya to‘liq quvvatda ish boshlaydi
17:20 / 2023-04-25

Markaziy Osiyodagi eng yirik korxona – Sirdaryo issiqlik elektr stansiyasining birinchi energobloki ishga tushirilganiga 50 yildan oshdi. bugungi kunda korxonada 10 ta energoblok mavjud bo‘lib, bu yerda sutkasiga o‘rtacha 42 million kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqarilmoqda.

Sirdaryo issiqlik elektr stansiyasi bosh direktori Bahodir Nuriddinov ta’kidlaganidek, ayni kun talablari asosida stansiya o‘z ehtiyoji uchun sarflanadigan elektr energiyasini iqtisod qilish maqsadida muqobil energiya manbalaridan samarali foydalanishga o‘tgan. 

–Korxonada jami sig‘imi 2400 litrga teng bo‘lgan 12 ta quyosh suv isitish qurilmalari ishlamoqda. Joriy yilning fevral oyida esa quvvati 1,3 MVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasi ishga tushirildi. Yaqinda korxonamizda amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishtirish maqsadida Energetika vazirligi va “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ  hamkorligida OAV vakillari, jurnalistlar va blogerlar uchun press-tur tashkil etildi. O‘ylaymanki, ko‘p yillik faoliyatga ega korxonamizdagi ish jarayonlari va ishchi-xizmatchilar bilan muloqot ularga qiziqarli bo‘ldi.  

Shu kunlarda “Sirdaryo” IESga yondosh hududda yana bir IES qurilishi jadal olib borilmoqda. U Shirin shahri va Boyovut tumanlari hududida qad rostlayotgan  quvvati 1 500 MVt bo‘lgan issiqlik elektr stansiyasidir.  

Ushbu stansiya O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 10 avgustdagi “Sirdaryo viloyatida quvvati 1 500 MVt bo‘lgan yangi issiqlik elektr stansiyasi qurilishini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida qurilmoqda. Korxonada yiliga o‘rtacha 12 milliard kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan.  

–Loyiha qurilishi bo‘yicha bajarilgan ishlar 80 foizdan ortdi, – dedi  Saudiya Arabistonining “ACWA Power” kompaniyasi bosh direktori Mubashshir Ahmad Majid. –  Joriy yil iyul oyi oxirida loyihaning birinchi qismini yakunlash niyatidamiz. Ya’ni, 457 megavatt quvvat ishlab chiqariladi. 2023 yil yakuniga qadar stansiya to‘liq quvvatda ish boshlaydi. Men ishonch bilan ayta olamanki, loyihamiz katta samaradorlikka ega, kam gaz sarflab ko‘p elektr energiyasi ishlab chiqara oladi.  

Press-tur ishtirokchilari mazkur stansiya qurilishi jarayoni bilan tanishgandan so‘ng Shirin energetika kollejida bo‘ldi. Bu yerda ular “ACWA Power” kompaniyasi buyurtmasi asosida yo‘lga qo‘yilgan kadrlar tayyorlash faoliyati haqida ma’lumot oldi.  

Ta’kidlash kerakki, energetika sohasiga zamonaviy texnologiyalarning joriy etilishi malakali kadrlarni tayyorlashni taqozo etadi. Energetika vazirligi va “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ tasarrufidagi Shirin energetika kolleji kasb-hunarga o‘rgatish, soha va tarmoqlarni yetuk, salohiyatli mutaxassis kadrlar bilan ta’minlashda yetakchilik qilib kelmoqda.  

Kollejda Saudiya Arabistonining “ACWA Power” kompaniyasi buyurtmasi asosida kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, 2,8 million dollarlik  zamonaviy ustaxona, laboratoriya va yotoqxona barpo qilingan. Hozirda payvandchilik, chilangarlik, axborot texnologiyalari va elektromontyorlik yo‘nalishlari bo‘yicha yoshlarga ta’lim berilmoqda. Shuningdek, kompaniya buyurtmasi asosida 140 nafar yoshlarni muqobil energiya stansiyasi texnigi, operatori va dispetcheri kabi kasblarga tayyorlash boshlangan. Bu esa hukumatimiz tomonidan aholini kasb-hunarga o‘qitish va monomarkazlar faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar samarasidir.  

Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA