Ma’lumki, Sog‘liqni saqlash vazirligining tegishli buyrug‘i asosida tibbiy ko‘riklarni tashkil qilish orqali yuqumli va kasb kasalliklarining oldini olish belgilangan. Unga ko‘ra, jamoat salomatligini muhofaza qilish maqsadida ayrim kasb sohalaridagi xodimlarni muntazam tibbiy tekshiruvlardan o‘tkazish majburiy sanaladi.
Mazkur tadbirlarning asosiy vazifasi — yuqumli va parazitar kasalliklar, kasb kasalliklari yoki ish jarayonida yuzaga keluvchi zaharlanishlarni erta aniqlash va ularning tarqalishini oldini olishdir. Shu bilan birga, bu mehnat xavfsizligini ta’minlash va xizmat ko‘rsatuvchilar orqali aholi sog‘lig‘i xavfsizligini saqlashga qaratilgan choradir.
Tibbiy ko‘riklar ikki asosiy maqsadni ko‘zlaydi:
• Ishga kirishdan oldingi ko‘rik — shaxsning belgilangan lavozimga mosligi, mavjud kasalliklar o‘sha ish sharoitida og‘irlashib ketmasligini va mehnat xavfsizligi talablariga javob berishini tekshiradi;
• Davriy (ish davomidagi) ko‘rik — kasbiy kasalliklarni, intoksikatsiyalarni yoki infeksiyalarni erta topish, davolash-profilaktika choralarini belgilash, shu bilan birga mehnat sharoitlarini sanitariya talabiga muvofiq yaxshilash maqsadida o‘tkaziladi.
Kimlar majburiy tekshiruvdan o‘tadi?
Har qanday fuqaro emas, balki axoliga xizmat ko‘rsatadigan maxsus kasb egalari majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tishi shart.
Bunday kasblar quyidagi yo‘nalishlarni o‘z ichiga oladi:
• oziq-ovqat mahsulotlari va ichimlik suvi ishlab chiqarish, ushlash, tashish va realizatsiya qilish; umumiy ovqatlanish va savdo tashkilotlari;
• bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish bo‘linmalari;
• kommunal va maishiy xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar;
• mehmonxonalar, davolash-profilaktika muassasalari, dorixona va dori saqlash omborxonalari, basseynlar hamda shifobaxsh vannalarda faoliyat yurituvchi xodimlar va boshqalar.
Bu kontingentga kirgan shaxslar tibbiy ko‘rikdan o‘tmasdan o‘z vazifasini bajarishga haqli emas.
Muayyan kasb egalari quyidagi tibbiy ko‘riklardan o‘tadilar:
• Terapevt ko‘rigi — barcha uchun majburiy;
• Dermatovenerolog ko‘rigi — oziq-ovqat, umumiy ovqatlanish va savdo sohalaridagi xodimlar uchun;
• Psixiatr va narkolog ko‘rigi — belgilangan ish turlari uchun shart;
• Ko‘krak qafasi a’zolari flyuorografiyasi — oziq-ovqat, tibbiyot va ta’lim sohalaridagi xodimlar uchun zarur;
• Zaxm (sifilis)ga qaratilgan qon tahlili — oziq-ovqat va suv bilan ishlovchi xodimlar uchun majburiy;
• Jinsiy yo‘l bilan yuqadigan kasalliklarni (sifilis, trixomoniaz va boshqalar) bakteriologik tekshirish (surtma) — oziq-ovqat sanoati va savdo sohalari xodimlari uchun;
• Najasni gelmintozlar va enterobioz bo‘yicha tekshirish (surtma) — oziq-ovqat va ta’lim muassasalari xodimlari uchun tayinlanadi.
Bundan tashqari, faoliyatning maxsus xususiyatlariga qarab qo‘shimcha laboratoriya yoki maxsus tekshiruvlar belgilanishi mumkin.
Tibbiy ko‘riklar qanday tashkil etiladi va tekshiruvni kim o‘tkazadi?
Kuzatuv va tekshiruvlar odatda korxona bilan hamkorlikga kiritilgan tibbiyot-profilaktika muassasalari tomonidan amalga oshiriladi. Agar korxonada bunday xizmat yo‘q bo‘lsa, u holda hududiy davolash-profilaktika muassasalari yoki ish beruvchi tomonidan tuzilgan shartnomaga ko‘ra belgilangan tibbiy muassasa chaqiriladi.
Shuningdek, davriy ko‘riklarni Sanitariya, gigiyena va kasb kasalliklari ilmiy-tadqiqot instituti ham tashkil etishi mumkin. Ushbu institut zamonaviy diagnostika va davolash uskunalari bilan jihozlangan.
Tibbiy ko‘rikning qat’iy davriyligi faoliyat turiga bog‘liq:
• Oziq-ovqat, ichimlik suvi ishlab chiqarish, saqlash, tashish va realizatsiya qilish, umumiy ovqatlanish, davolash-profilaktika muassasalari, maishiy xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar, mehmonxonalar, savdo tashkilotlari va filiallari — yilda ikki marta tibbiy ko‘rikdan o‘tishlari shart.
• Maktabgacha ta’lim muassasalari, bolalar uy-interatlari, bolalar sanatoriylari, «Muruvvat uylar» va «Mehribonlik uylar» xodimlari, suzish bo‘yicha trenerlar, instruktorlar, basseyn va shifobaxsh vannalarda ishlovchilar, dorixona va dori saqlash omborlarining xodimlari — yilda bir marta tekshiriladi.
Huquq va majburiyatlar: xodim va ish beruvchi mas’uliyati
Tibbiy tekshiruvdan o‘tish — xodimning ixtiyoridagi huquq emas, balki qonuniy majburiyatidir. Agar xodim tegishli tekshiruvdan bosh tortsa yoki tibbiy komissiyaning tavsiyalarini bajarmagan holda ishga kirishga harakat qilsa, ish beruvchi uni ishga qabul qilmaslik huquqiga ega.
Agar xodim navbatdagi majburiy tekshiruvdan o‘tmasa, ish beruvchi uni ishdan chetlashtirish majburiyatiga ega bo‘ladi va bu rasmiy buyruq bilan hujjatlantiriladi. Shunday hollarda ishdan chetlashtirilgan muhlat uchun ish haqi to‘lanmaydi. Bu qoida aholi salomatligini himoya qilish va infeksiyalar tarqalishini oldini olish uchun joriy etilgan.
Majburiy tibbiy ko‘riklar — aholiga xizmat qiluvchi sohalarda sog‘lom va xavfsiz ish muhitini ta’minlashning asosiy kafolatidir. Ushbu tizim orqali kasbiy kasalliklar, yuqumli va parazitar infeksiyalar erta aniqlanadi va tarqalishining oldi olinadi. Bir so‘z bilan aytganda, har bir xodimning vaqtida o‘tkazilgan tekshiruvdan o‘tishi — bu nafaqat shaxsiy salomatlikka emas, balki jamoat xavfsizligiga bo‘lgan mas’uliyatdir.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/yOQhfgBDf_Q" title="Muayyan kasb egalari majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>M.Eshmirzayeva, U.To‘xtayev, O‘zA