Buxoro shahridagi 59-sonli davlat maktabgacha ta’lim muassasasi kapital ta’mirdan chiqarilib foydalanishga topshirildi.
Tadbirda shahar hokimi Qurbon Tursunov ishtirok etib, kelajagimiz egalarining barkamol voyaga yetishida maktabgacha ta’lim tashkilotining o‘rni va undagi sharoitlarga to‘xtaldi.


Mazkur bog‘cha 1989 yilda bunyod etilgan bo‘lib, shu vaqtgacha ta’mirlanmagan edi. Ushbu jarayon uchun davlat mablag‘lari hisobidan 1 milliard 700 million so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Ta’mir ishlari natijasida muassasaning quvvati 220 o‘rindan 360 o‘ringa yetkazildi. Ta’mirlash ishlari “Oriyent Xondamir Stroy” MCHJ quruvchilari tomonidan amalga oshirgan bo‘lib, korxona rahbari Hasan Panoyev tomonidan qisqa muddatda loyihaning sifatli bajarilishi ta’minlandi.


Ushbu muassasa endilikda yuzlab bolalarga sifatli ta’lim berish, ularning qiziqishlarini rivojlantirish va har tomonlama barkamol avlodni tarbiyalashda xizmat qiladi.
Tadbir yakunida mehmonlar bog‘cha hududiga hamda “Zamondosh” madaniyat markaziga ko‘chat o‘tqazishdi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.