Jurnalist surishtiruvi
Toshkent shahri, Yashnabod tumani, Mohinur mahallasi, «Tuzel-3» mavzesida joylashgan 80 «a» va 80»b» ko‘p qavatli uylarda yashovchi aholi tomonidan qilingan murojaat O‘zA muxbiri tomonidan o‘rganildi.
Murojaatning qisqacha mazmunini keltirib o‘tamiz:
“... Biz yashaydigan «Tuzel-3» mavzesida – ko‘p qavatli uylar, maktab, bog‘cha bor, ya’ni aholi zich joylashgan hududda "Halal gollen meat" MCHJ qurilish tashkiloti tomonidan ko‘p qavatli (16 qavatli) uy hamda avtoturargoh qurilishi boshlandi. Qurilish ishlari aholi uchun salbiy oqibatlarga olib kelishi, xususan, ekologiya, ya’ni havoning ifloslanishiga, o‘sha yerda yashovchilarning sog‘lom turmush tarziga ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Ushbu yangi ob’ekt qurilishi O‘zbekiston Respublikasi shaharsozlik kodeksining 4-va 6 -moddalariga zid, deb bilamiz.
Uy hamda avtoturargoh qurilishiga yo‘l qo‘ymaslik va uy atrofini ko‘kalamzorlashtirish, obodonlashtirish, aholi sog‘lig‘i va xavfsizligini ta’minlash hamda ekologik va maishiy sharoitlarni yaxshilashni talab qilamiz...»
«Mohinur» MFYga qarashli mazkur mahalla hududida bo‘lib, murojaatchilar bilan suhbatlashib, mavzuga oydinlik kiritdik.

– Ushbu binoning qurilish ishlari boshlangan taqdirda, eng avvalo, yosh bolalarga qiyin bo‘ladi,– deydi 50-xonadonda yashovchi Galina Galyamova. – Kranlar ishlaydi, katta-katta mashinalar kirib chiqadi. Aholi uchun ham harakatlanish qiyin bo‘ladi. Yangi qurilayotgan ob’ekt yaqinida maktab, bog‘cha joylashgan. Bu bolalar xavfsizligi hamda ekologiyaga ta’sir qiladi. Xudo ko‘rsatmasin, birorta tabiiy ofat yuz bersa, bu bino bizning boshimizga qulashi mumkin. Butun dunyoda qishloqlarda kinoteatrlar, kutubxonalar qurilayotgan, shaharlarda daraxtlar ekilib, ko‘kalamzorlashtirilayotgan paytda shundog‘am aholi zich, uylar ko‘p hududda yana ko‘p qavatli uy qurilishi insofdanmikan?
80- uyda yashovchi Dmitriy Osipov yangi binoning qurilishi kommunal xizmatlar, ya’ni elektr, suv ta’minotida muammo keltirib chiqarishi mumkinligini ta’kidladi.
Mahalla hududini aylanib, yangi qurilayotgan ob’ektda qurilish ishlari boshlanganiga guvoh bo‘ldik. Va mahalla mas’ullarining ham ushbu holat bo‘yicha fikr-mulohazalarini tingladik.
– Bu yer 30 yildan beri bo‘sh yotgandi, – deydi «Mohinur» MFY raisi Saida Valiyeva.–Tadbirkorning qo‘lida bu yerda ko‘p qavatli bino qurish bo‘yicha barcha hujjatlar bor. Tadbirkor bino qurishdan avval mahalla idorasini namunali qilib qurib berdi. U mahallamizni obodonlashtirishga o‘z hissasini qo‘shmoqda. Mahallada uy-joyga muhtoj oilalar ko‘p. To‘rt xonali uyda 18 kishi yashayotgan oiladagi, turmush o‘rtog‘i olamdan o‘tgan, kam ta’minlangan ayolni uy-joy bilan ta’minladi. «Xudo xohlasa, bu uyni bitkazsam, mana shunaqa muhtoj oilalarga yana yordam beraman, deb turibdi. Aholi esa bizlarga quyosh tushmaydi, havo yaxshi aylanmay qoladi, deb shikoyat qilyapti.
Tadbirkorning xalqqa foydasi tegsa tegayapdiki, ziyoni tekkani yo‘q. Bog‘cha mahalla binosi orqasida joylashgan, u yerdagi aholi hech qanday zarar ko‘rmaydi. Maktab binoning yonboshida, uning ko‘chalarini asfalt qilib, yo‘laklargacha ta’mirdan chiqarib berdi. Loyiha boshlanishida tadbirkor xalq bilan suhbatlashmaganligi uchun ko‘pchilik norozi bo‘lgan. Uning mahallamizda amalga oshirayotgan ishlarini ko‘rib, barcha hujjatlari to‘g‘riligini bilgach, odamlarning o‘zlari xayrixoh bo‘lishni boshlashdi. O‘zbek xalqi serfarzand xalq. Aholi soni yildan-yilga oshib, uy-joyga talab ortyapti. Shularni hisobga oladigan bo‘lsak, tadbirkorni qo‘llab-quvvatlashimiz kerak.
Saida opa bilan suhbatdan so‘ng maqola qahramoni–tadbirkor bilan bog‘lanib, uni savolga tutdik. Mazkur ob’ektni qurish uchun olingan ruxsatnomalar, aholining e’tiroziga nima sabab bo‘layotgani xususida so‘raganimizda shunday javobni oldik:
– Yurtimizda hech bir tadbirkor yoki oddiy fuqaro hujjatsiz, qonun doirasidan chiqib, o‘zicha biror ish qilolmasa kerak, – deydi "Halal gollen meat" MCHJ direktori o‘rinbosari Dilmurod Mamadaliyev. – Ob’ekt qurilishi uchun mo‘ljallangan loyihalarimizni «Yagona darcha» orqali shahar qurilish bosh boshqarmasiga yubordik. Shahar qurilish boshqarmasida loyihalarni ko‘rib chiqadigan komissiya bor. Birinchisi, yong‘in xavfsizlik boshqarmasi, xavfsizlik talablariga javob beradimi-yo‘qmi o‘rganadi. Ikkinchisi, ekologiya, uchinchisi, sanitariya-epidimiologiya markazi. Bu tashkilotlar o‘zining normativlari bo‘yicha o‘rganib, ruxsat berganidan so‘ng qurilish boshqarmasida komissiya a’zolari ko‘rib chiqdi. Quyosh necha soat qo‘shni domga tushadi, ikkita uy o‘rtasidagi oraliq masofa necha metrni tashkil qilyapti, avtomobillar turar joyi, «zelyoniy» zonalar o‘rganilganidan so‘ng, loyihamiz tasdiqlangan. Hamma hujjatlarimiz to‘g‘ri bo‘lsayam, e’tirozlar to‘xtamayapti.

Yashnobod tumani qurilish bo‘limi bosh mutaxassisi Sherali Karimov mazkur ob’ekt qurilishiga tuman hokimi shahar hokimining 333- sonli buyrug‘iga asoslanib, qaror chiqarganini, tadbirkorning qo‘lidagi ob’ekt qurilishiga taalluqli barcha hujjatlar tegishli tartib bo‘yicha tasdiqlanganini ta’kidlab o‘tdi.
– Ushbu muammo bo‘yicha fuqarolar bizga ham ko‘p marta murojaat qilishgan, –deydi Sh. Karimov.– Masalaning yechimi shundaki, har bitta shahar arxitektori yoki kengash tasdiqlagan loyihani bekor qilish uchun sud qarori kerak bo‘ladi. Hattoki, shahar hokimining qarori, ishchi kengash tasdiqlagan loyihalar bo‘lgan taqdirdayam, asos bo‘lishi shart. Sud ko‘rib chiqadi: qarorda kamchilik bormi- yo‘qmi, shaharsozlik normalarida xatolik bo‘lganmi, yo‘qmi o‘rganganidan so‘ng, bu joyda ko‘p qavatli turar joy binosi qurish taqiqlanadi, degan qaror bo‘lsa, o‘sha qarorga asosan qurilish bosh boshqarmasi loyihani bekor qiladi.
Har ikki tomon,mutaxassislar,mahalla faollari,aholi vakillarining fikrlarini tingladik va shunday xulosaga keldik:qachonki, biz mamlakatda qonunlar ishlaydigan jamiyat,muhit shakllantira olsak,taraqqiyotga erishamiz.Buni aholi vakillari ham,tadbirkor ham tushunishi kerak.Ikki taraf bir-birini tushunish,murosayu madora yo‘lini tutsa,olam guliston.
Shunday ekan,Toshkent shahar hokimligi mutasaddilari ushbu masalada o‘z munosabatlarini aytadi,deb o‘ylaymiz.
Nigora Rahmonova, O‘zA