Muammoli ta’lim texnologiyalari o‘quvchi faoliyatini faollashtirish va jadallashtirishga asoslangan. Muammoli ta’lim texnologiyasining asosi – insonning fikrlashi muammoli vaziyatni hal etishdan boshlanishi hamda uni aniqlash, tadqiq etish va yechish qobiliyatiga ega ekanligidan kelib chiqadi. Muammoli ta’lim talabaning ijodiy tafakkuri va qobiliyatlarini o‘stirishda muhim ahamiyatga ega.
Turli o‘quv fanlari bo‘yicha o‘qituvchilar dars jarayonida muammoli vaziyatlar hosil qilishni va ularni yechish usullarini oldindan rejalashtirishi kerak.
Muammoli vaziyat yaratish usullari:
– talabaga dars mavzusi bilan bog‘liq ziddiyatli holatni tushuntiradi va uni yechish yo‘lini topishni taklif qiladi;
– bir masalaga doir turli nuqtai-nazarlarni bayon qiladi;
– hal etish uchun yetarli bo‘lmagan yoki ortiqcha ma’lumotlar bo‘lgan yoxud savolning qo‘yilishi noto‘g‘ri bo‘lgan masalalarni yechishni taklif etadi;
Muammoli vaziyatni hal etish darajalari: o‘qituvchi muammoni qo‘yadi va o‘zi yechadi, shuningdek, o‘qituvchi muammoni qo‘yadi va uning yechimini talaba bilan birgalikda topadi, yana bir yo‘li talabaning o‘zlari muammoni qo‘yadi va uning yechimini topadi.
Muammoli vaziyatni yechishda muammoni turli nuqtai-nazardan o‘rganish, tahlil qilish, solishtirish, umumlashtirish, faktlarni aniqlash va qiyoslash, vaziyatga bog‘liq xulosalar chiqarish, talabaning o‘zlari aniq savollar qo‘yishi kabi usullar qo‘llaniladi.
Muammoli ta’lim mashg‘ulotlarini tashkil etish va boshqarish o‘quv fani va darslar mavzusini o‘rgatishda ular bilan bog‘liq muammoli masalalarni belgilash, ulardan muammoli vaziyatlar hosil qilish va amalda foydalanishni oldindan rejalashtirib borish, talabaning tayyorgarlik darajasini hisobga olish, zarur o‘quv vositalarini tayyorlash, muammoli vaziyatdagi mavjud ziddiyatni ko‘rsatish, topshiriqni va uni yechish uchun yetarli shartlarni aniq bayon qilish, talabaning muammoni hal etishda yo‘l qo‘yayotgan xatolari, sababi va xususiyatini ko‘rsatish, talabaning noto‘g‘ri taxminlari asosida chiqargan xulosalari oqibatini muhokama etib, to‘g‘ri yo‘lni topishlariga ko‘maklashish bosqichlarini o‘z ichiga oladi:
Darsda hosil qilinadigan muammoli vaziyat va talabaga hal etish taklif etiladigan muammoga qo‘yiladigan eng asosiy talab – talabada qiziqish hosil qiladigan bo‘lishi kerak. Aks holda ko‘zda tutilgan natijaga erishish imkoni bo‘lmaydi.
Muammo talabaning bilim darajalariga hamda intellektual imkoniyatlariga mos bo‘lishi shart. Hosil bo‘lgan muammoli vaziyatni yechish uchun topshiriqlar yangi bilimlarni o‘zlashtirishga yoki muammoni aniqlab, yaqqol ifodalab berishga yoki amaliy topshiriqni bajarishga yo‘naltirilgan bo‘ladi. Talabaning muammoli vaziyatni tushunishi, uning kelib chiqish sabablari hamda nimalarga, qanchalik darajada bog‘liqligini idrok qila olishlari natijasida hosil bo‘ladi. Bunday tushuna olish esa talabaga mustaqil ravishda muammoni ifodalay olish imkoniyatini beradi.
Muammoni yechish taxminlarini shakllantirishda o‘quvchi o‘zlashtirgan bilimlari asosida kuzatish, solishtirish, tahlil, umumlashtirish, xulosa chiqarish kabi aqliy faoliyatlarni bajaradi.
Aqliy faoliyatdagi asosiy jarayon fikrlash bo‘lib, fikrlashning sifati uning mantiqiyligi, mustaqilligi, ijodiyligi, ilmiyligi, asosliligi, uzviyligi, tejamliligi, maqsadliligi, tezligi, tahliliyligi, qiyosiyligi, umumlashtirilganligi, xususiylashtirilganligi, kengligi, chuqurligi, ishonarliligi, realligi, haqqoniyligi darajasi bilan belgilanadi.
Muammoni hal etishni isbotlash, tekshirish, tushuntirish kabi 3 ta bosqichga ajratish mumkin.
Xulosa qilib aytganda, ta’lim jarayoni talabalarga intellektning har xil tiplarini jalb qilishni talab etadigan tajribalar orttirish imkoniyatini beradigan holda tashkil etilishi lozim.
Dilso‘z Zoyirova,
Toshkent davlat yuridik universiteti katta o‘qituvchisi.
O‘zA