Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Muammoli kreditlarni undirish va kreditdan samarali foydalanishda qanday kamchiliklarga yo‘l qo‘yilmoqda?
15:36 / 2022-06-25

O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi tomonidan Dasturlarga, jumladan, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturiga ajratilayotgan mablag‘lardan maqsadli va samarali foydalanish yuzasidan nazorat tadbirlari o‘tkazib borilmoqda.

So‘nggi tahlillarga ko‘ra, Respublikada oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasidagi muammoli kreditlar qoldig‘i joriy yil boshiga nisbatan 1 may holatiga ko‘ra 8 foizga kamaygan.

Biroq, dasturdagi muammoli kreditlar Namangan (44 foiz), Andijon (26 foiz) va Surxondaryo (20 foiz) viloyatlarida yuqori salmoqda qolgan,  deya xabar beradi Hisob palatasining matbuot xizmati.

Hisob palatasi tomonidan ushbu hududlarda amalga oshirilgan o‘rganishlar natijasida muammoli kreditlarni undirish va ajratilgan kreditlardan samarali foydalanishda quyidagi kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganligi aniqlangan:

– doimiy daromad manbaiga ega qarz oluvchilarning 149,4 mlrd so‘m, xususan, davlat tashkilotlari va banklarda faoliyat yuritayotgan xodimlarning 89,3 mlrd. so‘m muammoli kreditlari undirilmagan;

– muammoli kreditlarning 79 foizida qaytmaslik xatari sug‘urtalangan bo‘lib, aksariyat hollarda banklar tomonidan ularni sug‘urta kompaniyalaridan undirish choralari ko‘rilmagan;

– joriy yil boshidan muammoli kreditlar ulushini kamaytirishda, banklar tomonidan ularni 69 foizini «umidsiz» deb tasniflab, balansdan chiqarish orqali qisqartirilgan. Ya’ni, amalda muammoli kreditlar qaytarilmasdan, bank tomonidan shakllantirilgan zaxiralar (xarajatlar) hisobidan qoplangan;

– Chortoq tumani "Baland adir" hududida 2020 yilda tashkil etilgan 1 000 ta 2 sotixlik issiqxonalarning 95 foizi hozirda yaroqsiz holga kelib, ulardan foydalanilmaydi.

O‘rganish jarayonida Dasturlar doirasidagi muammoli kredit qarzdorliklari jami 101,2 mlrd. so‘mga kamaytirildi.

Shuningdek, muammoli kreditlarni bartaraf etish, xususan, kreditlar o‘z muddatida to‘lanmasligi va maqsadsiz ishlatilishi bo‘yicha quyidagi ta’sir choralari ko‘rildi:

– 400 mlrd. so‘mlik muammoli kredit qarzdorligini undirish uchun sudlarga da’vo arizalari kiritildi;

– 55 mlrd. so‘mlik muammoli kreditlar bo‘yicha to‘plangan hujjatlarga huquqiy baho berish uchun ular huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etildi;

– 168 mlrd. so‘mlik kredit qarzdorliklari bo‘yicha sud qarorlari Majburiy ijro byurolari tomonidan undiruvga qaratildi.

Shu bilan birga, kelgusida qonunbuzilish holatlarining oldini olish hamda qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi. O‘rganishlarda aniqlangan xato va kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha mutasaddi tashkilotlarga ko‘rsatmalar berildi. Nazorat tadbirlari davom ettiriladi.

O‘zA