O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi raisi Ravshanbek Alimov Andijon viloyatida deputatlar, aholi vakillari bilan sayyor qabul, muloqot va uchrashuvlar o‘tkazmoqda.
Andijon shahrida o‘tkazilgan sayyor qabulda 9 nafar fuqaroning 11 ta masala bo‘yicha murojaati eshitildi. Murojaatlarning 4 tasi joyida ijobiy hal etildi, 5 tasi bo‘yicha tushuntirishlar berildi, 2 ta masalani hal etish yuzasidan mutasaddi idoralar vakillariga topshiriqlar berilib, ijrosi nazoratga olindi.
Masalan, Andijon tumani Chem mahallasida yashovchi U.Jo‘raboyevaning xususiy bog‘cha tashkil etish, Asaka tumani Kujgan mahallasida yashovchi M.Hamroqulovaning uy-joy, Shahrixon tumani Taraqqiyot mahallasida yashovchi Z.Rasulovaning kredit olish masalalaridagi muammolari ijobiy hal etildi.
[gallery-8897]
Jalaquduq tumanida Oliy Majlis Senatining hududiy a’zolari, xalq deputatlari Andijon viloyati Kengashi, shuningdek, Xonobod shahar, Qo‘rg‘ontepa, Jalaquduq, Xo‘jaobod va Buloqboshi tumanlari Kengashlarining doimiy komissiyalari raislari, sektor rahbarlari hamda OAV vakillari ishtirokida o‘tkazilgan uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 32- yalpi majlisida ma’qullangan qonunlar va ko‘rib chiqilgan masalalarning mazmun-mohiyati, ahamiyati, bu boradagi targ‘ibot-tushuntirish ishlari samaradorligini oshirish xususida so‘z yuritildi.
Senat Kengashi va Senatning qo‘mitalari tomonidan qabul qilingan qarorlari ijrosi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida arxitektura, qurilish va shaharsozlik bo‘yicha ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan joriy yilning 6 iyul kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishi bayonining ijrosi muhokama qilindi. Muhokamalarda qayd etilgan yo‘nalishlarda amalga oshirilgan ishlar, erishilgan yutuqlar, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar tahlil etildi.
Mazkur yo‘nalishlardagi ishlar samaradorligini oshirish yuzasidan taklif, fikr va mulohazalar bildirildi. Kelgusidagi muhim vazifalar belgilab olindi. Muloqot jarayonida Senat qo‘mitasi raisi Ravshanbek Alimov ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga batafsil javob qaytardi.
F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA