Oliy Majlis Senatining qirq oltinchi yalpi majlisi o‘z ishini davom ettirmoqda.
Majlisni kirish so‘zi bilan ochgan Senat Raisi Tanzila Norboyeva bugungi kunda dolzarb bo‘lgan ayrim masalalarga to‘xtalib o‘tdi.
– Aholini tashvishga solayotgan muammolarga yechim topish kundalik ishimizga aylanishi zarur, – dedi T.Norboyeva. – Ayniqsa, hududlar rivoji bilan bog‘liq har bir masala, har bir loyiha diqqatimiz markazida bo‘lishi, vakolatlarimizdan foydalangan holda ularni amalga oshirish zarur. Bunda, birinchi navbatda, mahalliy kengashlar – deputatlar asosiy hamkorimiz bo‘lishi kerak.
Shu maqsadda Senatda Hududiy vakillik organlari faoliyatini o‘rganish markazi tashkil etilgani qayd etildi. Markazning oldida turgan asosiy vazifalari belgilangan.
Mahalliy kengashlar faoliyatiga ko‘maklashuvchi, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlovchi tuzilmaning parlament yuqori palatasida tashkil etilgani hududiy vakillik organlari faoliyatiga bo‘lgan yuksak e’tibor namunasidir.
Asosiy maqsad – mahalliy kengashlar faolligini oshirish, hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishda ularning ishtiroki va ahamiyatini kuchaytirishdan iborat.
– Shundan kelib chiqib, Markaz o‘z faoliyatini asosan hududlarda tashkil qilishi maqsadga muvofiq. Bunda joylarda mahalliy kengashlarning nazorat institutlaridan foydalanish samaradorligini oshirish, ular faoliyatining huquqiy asoslarini yanada takomillashtirish hamda uslubiy jihatdan ta’minlash, deputatlar malakasini oshirish ustuvor ahamiyat kasb etishi lozim.
Bu orqali hududiy vakillik organining oliy davlat hokimiyati organlari bilan izchil hamkorligini yo‘lga qo‘yish va shu orqali hududdagi tizimli muammolarni Hukumat darajasiga olib chiqish va hal etishga qaratilgan aniq mexanizmlarni shakllantirishimiz shart, – dedi Senat Raisi.
Norgul Abduraimova,
Nosir Haydarov (surat),
O‘zA