O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi rahbari boshchiligidagi ishchi guruh Boyovut tumanidagi chiqindi poligonining holatini o‘rgandi. Ushbu poligonga Sirdaryo viloyatining Boyovut va Shirin shaharlaridan chiqadigan maishiy chiqindilar tashlanadi.
O‘rganish davomida ob’ektning bir qator jiddiy kamchiliklari aniqlandi. Avvalo, poligon hali to‘liq qurib bitkazilmagan bo‘lsa-da, chiqindi qabul qilish boshlangan. Texnik va sanitariya holati talabga javob bermaydi. Poligonda chiqindilar og‘irligini o‘lchash uchun tarozi mavjud emas. Bu esa chiqindi miqdorini nazorat qilishni va statistik hisobni yuritishni imkonsiz qiladi.

Shuningdek, poligon hududiga kirib-chiqadigan maxsus texnika uchun yuvish maydonchalari tashkil etilmagan, bu esa atrof-muhitga zarar yetkazish xavfini oshiradi. Eng xavotirli jihatlardan biri, poligon atrofidagi sim to‘siqlarning past o‘rnatilganidir. Bu holat, ayniqsa, kuchli shamolli ob-havoda selofan paketlar va yengil chiqindilarning havoga ko‘tarilib, yaqin atrofdagi dalalar va tabiatga tarqalishiga olib kelmoqda. Aholi, ayniqsa, poligon yaqinida faoliyat yuritayotgan fermer xo‘jaliklari bu holatdan jiddiy norozilik bildirgan.
Poligon darvozasi yopiq bo‘lgan paytlarda chiqindilar dalalarga yoki yo‘l chetlariga tashlab ketilayotgani ham aniqlandi. Bu esa mintaqadagi chiqindilarni boshqarish tizimida nazorat yetishmovchiligi va tashkiliy muammolar mavjudligini bildiradi.
O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi rahbari A.Hamzayev ushbu holatlarni bartaraf etish yuzasidan tegishli mutasaddilarga zarur tavsiyalarni berib o‘tdi.
Xususan, chiqindilar uchun tarozi o‘rnatish, texnikalarni yuvish uchun maxsus maydon tashkil etish, sim to‘siqlarni belgilangan ekologik va sanitariya me’yorlariga mos holda qayta o‘rnatish va chiqindilarni tashish va qabul qilishni tartibga solish bo‘yicha zudlik bilan amaliy choralar ko‘rish zarurligi qayd etildi.
* * *
Davlatimiz rahbarining joriy yil 15 maydagi “2030 yilgacha bo‘lgan davrda aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra hududlarda aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish bo‘yicha bir qator vazifalar belgilangan. Shunga ko‘ra, O‘zbekiston Ekologik partiyasi Jizzax viloyati partiya tashkiloti tomonidan Zomin milliy tabiat bog‘ida ekologik aksiya tashkil etildi.

Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Gulchehra Tojiboyeva, Jizzax viloyati va tuman (shahar) partiya tashkiloti xodimlari, ekologlar, Zomin milliy tabiat bog‘i, O‘rmon xo‘jaligi xodimlari, Ekoprokuratura va volontyorlar ishtirok etdi.
“Chiqindisiz tabiat” shiori ostida tashkil etilgan “Plogging” marafoni va “Piknik madaniyati” aksiyasi Zomin milliy tabiat bog‘ining 3 ta hududida tashkil etilgan piknik maydonlarida bo‘lib o‘tdi. Aksiyadan ko‘zlangan asosiy maqsad aholining ekologik madaniyatini oshirish, ona tabiatni kelajak avlodga o‘z holicha yetkazish borasidagi ishlarni jadallashtirishdan iborat.
Fayyoza Otabekova,
O‘zDJTU talabasi