Bojxona organlari va tadbirkorlik sub’ektlari hamkorligida ishlab chiqarish tarmoqlari kengayib, mamlakatning eksport salmog‘i o‘sib bormoqda. Bunda Bojxona qo‘mitasi va uning hududiy boshqarmalari tomonidan tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash, ularga amaliy yordam ko‘rsatish bo‘yicha tashkil etilayotgan ochiq muloqotlar soha rivoji uchun muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi boshlig‘i B.Muratov viloyat hududidagi tadbirkorlar hamda tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilari bilan ochiq muloqot uchrashuvini o‘tkazdi.

Tadbirda bojxona organlari tomonidan tadbirkorlik sub’ektlari va eksportni rag‘batlantirish maqsadida amaliyotga joriy etilgan yangiliklar soha mutaxassislari tomonidan yig‘ilganlarga batafsil tushuntirildi.
Xususan, “Eksport uch qadamda” tizimi va “Bojxona hududida qayta ishlash” bojxona rejimi samaradorligi yuzasidan tadbirkorlarga muhim tavsiyalar berildi. Mavzu yuzasidan ularni qiziqtirgan savollarga javob qaytarildi.

Ellikdan ortiq tadbirkorlik sub’ektlari qatnashgan uchrashuvda soha yuzasidan istiqbolli loyihalar keng muhokama etilib, ularning muammolari tinglandi. Amaliy ko‘mak berishda aniq yo‘nalishlar belgilab olindi.
E’tiborlisi, ochiq muloqot jarayonida bir nechta ishtirokchilarning bojxona sohasiga oid muammolariga shu yerning o‘zida ijobiy yechim topildi.
Navbatdagi ochiq muloqot viloyatning G‘ijduvon tumanida tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.