Buxoroda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tashabbusi bilan “Oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik hamda shahvoniy shilqimlik qilish bilan bog‘liq jinoyatlar va ma’muriy huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar, mavjud muammolar va ularning yechimlari hamda kelgusidagi vazifalar” mavzusida seminar tashkil etildi.
Seminarni Buxoro viloyat sudi raisi U.Ro‘ziyev ochib, “Oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik, ayollar va bolalar huquqlarini himoya qilish borasidagi qonunchilik normalari haqida gapirib, mamlakatimizda har bir oila davlat himoyasida ekanligini ta’kidladi.

Shundan so‘ng, Oliy sud raisining birinchi o‘rinbosari Ikrom Muslimov so‘zga chiqib, ushbu toifadagi jinoyat ishlari yuzasidan surishtiruv, tergov organlari hamda sudyalar tomonidan qaror qabul qilishda yo‘l qo‘yilayotgan xato va kamchiliklar, ularning oldini olish masalalariga alohida to‘xtaldi.

Ushbu seminar 2023 yil 11 aprelda qabul qilingan “Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun asosida yuzaga kelgan huquqiy o‘zgarishlar amaliyotda qanday tatbiq etilayotganini tahlil qilishga bag‘ishlandi.

Oilaviy zo‘ravonliklarning oldini olishda xotin-qizlar faollarining o‘rni muhim. Shu jihatdan so‘z olgan Ijtimoiy himoya milliy agentligi huzuridagi ayollarni reabilitatsiya qilish viloyat markazi direktori N.Rahimova mahallalarda bu turdagi huquqbuzarliklarga qarshi kurashish, oilada sog‘lom ma’naviy muhitni yaratish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarga to‘xtaldi. Bu jarayonlarda “mahalla yettiligi”, huquq-tartibot idoralari va keng jamoatchilik hamkorligi o‘zining ijobiy natijasini berishini ta’kidladi.

Bundan tashqari, seminarda so‘z olgan Buxoro viloyati IIB JXX HOOB boshlig‘ining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari X.Toyirova hududlarda zo‘ravonlik ostida yashab kelayotgan oilalarni va sodir etilishi mumkin bo‘lgan jinoyatlarni barvaqt oldini olish uchun barcha birdek kurash olib borishi lozimligini ta’kidlab, bu masala yuzasidan mavjud muammo va ularni yechimi bo‘yicha takliflarni aytdi.
Tadbirda ishtirokchilar tomonidan qonun ijrosi, profilaktik ishlar, jabrlanganlarga ko‘mak ko‘rsatish, jinoyat ishlarini samarali tergov qilish hamda sud amaliyotida bir xil yondashuvlarni ta’minlashga qaratilgan taklif va tavsiyalar bildirildi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.