Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Muammolar to‘liq bartaraf etiladi
18:14 / 2024-07-24

Uchquduq tumani Navoiy viloyatining eng olis hududlaridan biri bo‘lib, viloyat markazidan qariyb 300 kilometr olisda joylashgan. Tumandagi 14 ta mahalla hududida 39,3 ming nafar aholi yashaydi.

Tumanda Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan tashabbuslarni hayotga tatbiq etish, yillar mobaynida yig‘ilib qolgan muammolarning yechimini topishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Keng ko‘lamli obodonlashtirish, bunyodkorlik ishlari amalga oshirilib, yangidan-yangi imoratlar, ishlab chiqarish ob’ektlari, dam olish maskanlari, savdo va xizmat ko‘rsatish nuqtalari qurilmoqda.  “Obod mahalla” dasturi doirasida Qulquduq, Mingbuloq, Uzunquduq, Shalxar, Yo‘lchilar, Ko‘kayaz, Buzaubay ovullarida keng ko‘lamli obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. Jumladan, maktab, bog‘cha va oilaviy shifokorlik punkti, mahalla guzari, sport maydonchalari qurildi. Shuningdek, ichki yo‘llar ta’mirlanib, ichimlik suvi tarmoqlari tortildi. Aholining gaz ta’minotidagi ehtiyojlari to‘liq o‘rganildi va muammolar bosqichma-bosqich hal etilmoqda. Elektr energiyasi ta’minotida qo‘shimcha quvvatlar ishga tushirildi. 

  To‘g‘ri, hududda erishilgan yutuqlar bilan bir qatorda yechimini kutayotgan muammolar ham bor. Jumladan, tumanda ishsizlik darajasi 6,6 foizni tashkil etadi. Viloyatda aholi bandligini ta’minlashga ko‘maklashish va mahallalarni “ishsizlikdan xoli hudud” ga aylantirish maqsadida ishsiz fuqarolarning ro‘yxati shakllantirilib, mehnat.nv.uz elektron dasturiga kiritilmoqda. Ammo tumanda ishsiz fuqarolarning bor-yo‘g‘i 13 foizi elektron dasturga kiritilgan xolos. 2023 yilning 1 iyul holatiga tumanda 1207 ta yuridik shaxslar mavjud bo‘lgan. 2024 yilning mos davrida bu ko‘rsatgich 1122 tani tashkil etgan va 85 taga kamaygan. Birgina 2023 yilning 6 oyida 170 ta sub’ekt tashkil etilgan bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatgich bor-yo‘g‘i 60 taga yetgan. 2023 yilda ularning 915 tasi faoliyat yuritgan bo‘lsa, 2024 yilning 1 iyul holatiga 108 tasining faoliyati to‘xtagan. Hech kimga sir emas, keyingi yillarda jamoatchilik fikriga asosan byudjetdan ajratiladigan mablag‘lar aynan mahallalarni yanada obod qilish uchun sarflanmoqda. Bu esa avvalambor, odamlarning turmushiga farovonlik olib kiradi. Eng muhimi, qishloqlar va mahallalar infratuzilmasi yanada yaxshilanadi. 

Tumanda 2023 yilning 2-mavsumida “Ochiq byudjet” axborot portalida o‘tkazilgan “Tashabbusli byudjet” jarayonida 250 ta loyihadan 124 tasi ovoz berish jarayoniga o‘tgan bo‘lsa, ularning bor yo‘g‘i 2 tasi g‘olib bo‘lgan. Ayni paytda tumanda 1 ta yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonasi, 2 ta kichik sanoat zonasi mavjud. “Bozdun” OFY hududida tashkil etilgan zonada 35 ta lot shakllantirilgan. Ularning bor yo‘g‘i 12 tasi 9 ta tadbirkor tomonidan sotib olingan. Ammo infratuzilma tarmoqlarining mavjud emasligi bois hali ishlar boshlanmagan. 

So‘nggi yillarda yurtimizda inson hayoti uchun muhim va zarur sohalardan biri bo‘lgan sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirish, uni jahon talablari darajasiga ko‘tarish va aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Tuman tibbiyot birlashmasida 56 nafar shifokor bo‘lib, har 10 ming nafar aholiga 14,9 nafar shifokor to‘g‘ri keladi. Ularning faqat 1 nafarigina oliy toifali shifokordir.Tumanda 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘limi ko‘rsatgichi o‘tgan yilga nisbatan son jihatdan 2 taga ortgan. Bolalar o‘rtasida birlamchi nogironlikka chiqarish soni 9 taga oshgan. Tumanda virusli gepatit kasalligi ham oshib bormoqda. Agarda ushbu kasallik bilan og‘rigan bemorlar soni o‘tgan yilning 6 oyi mobaynida 4 ta bo‘lgan bo‘lsa, joriy yilning 6 oyida 70 taga yetgan. Yurtimizda aholi o‘rtasida sodir etilayotgan turli jinoyatlarning oldini olish, mahallalarni jinoyatchilikdan xoli hududga aylantirish borasida aniq chora-tadbirlar asosida ishlar olib borilmoqda. Ammo shunga qaramasdan tumanda jinoyatlar soni oshgan. 

Xullas, tumanda hali qilinishi lozim bo‘lgan ishlar, yechimini kutayotgan muammolar ko‘p. Ularga ijobiy yechim topish eng muhim vazifadir. Prezidentimiz raisligida joriy yilning 17 iyul kuni o‘tkazilgan iqtisodiy o‘sish sur’atlarini ta’minlash yuzasidan birinchi yarim yillikda amalga oshirilgan ishlar va kelgusi vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida faoliyatida tizimli kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan bir qator tuman va shahar hokimlari ishdan olindi. Ular orasida Uchquduq tumani hokimi ham bor. 

Tuman hokimining birinchi o‘rinbosari Dilshod Shakarovning ma’lum qilishicha, ayni paytda tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, ishsiz aholining bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilanib, joriy yilning 2-yarim yilligida bu yo‘nalishda alohida dastur ishlab chiqilgan. 
Jumladan, 2327 nafar aholining bandligini ta’minlash orqali 420 ta xonadon daromadini oshirish, sanoat mahsulotlari hajmini 459,9 milliard, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini 424,8 milliard, xizmatlar hajmini 454,8 milliard so‘mga yetkazish belgilangan. Eksport qiluvchi korxonalar sonini 5 taga, eksport hajmini 2,4 million dollarga, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmini esa 32 million dollarga yetkazish rejalashtirilgan.

A.Bo‘riyev,

 O‘zA muxbiri