Namanganda qish mavsumini betalafot o‘tkazish bo‘yicha viloyat shtabi tomonidan olib borilayotgan ishlar yuzasidan brifing o‘tkazildi.
Unda Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov anomal sovuq sababli vujudga kelayotgan muammo va qiyinchiliklarni bartaraf etish borasida ko‘rilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan ma’lumot berdi.
Mas’ul idoralar mutasaddilari, gaz, elektr, suv ta’minoti korxonalari mutaxassislaridan iborat viloyat tezkor shtabi aholi murojaatlari bilan ishlash va yuzaga kelayotgan muammolarni o‘z o‘rnida bartaraf etish uchun tashkil etilgan. Kunda ikki marta vaziyat muhokama qilinadi. Shtab telefon raqamiga har kuni o‘rtacha 100-150 ta murojaat kelib, ularni hal qilish choralari ko‘rilyapti. O‘z vaqtida hal etilmagan muammo uchun tegishli rahbar javob beradi.
[gallery-10314]
Sovuq harorat tabiiy gaz iste’molining keskin ortib, markaziy tarmoqlarda bosimning pasayib ketishi bilan murakkab vaziyatlarni yuzaga keltirdi. Tabiiy gazni birinchi navbatda aholiga yetkazib berish maqsadida yirik va o‘rta ishlab chiqarish korxonalari, avtomobillarga gaz quyish shoxobchalarida muayyan cheklovlar joriy qilindi. Buning natijasida tejalgan 42 foiz zangori yoqilg‘ini xonadonlarni isitishga yo‘naltirish imkoniyati yaratildi. Bundan tashqari aholini suyultirilgan gaz bilan ta’minlashda ham yetarli zaxiralar yaratilgan. Bu borada belgilangan reja jadvali asosida hududlarga “mahallabay” tizimi asosida suyuq gaz o‘z vaqtida ta’minlanmoqda.
Elektr tarmoqlarida ham transformator qurilmalarining zo‘riqib ishlashi oqibatida yuzaga kelayotgan muammo va qiyinchiliklarning oldini olish maqsadida ikki yuzdan ziyod ulgurji iste’molchi, ko‘chalarni yoritish, elektron reklama va bezak chiroqlaridan foydalanishda joriy qilingan vaqtinchalik cheklovlar natijasida bir kecha-kunduzda tejalayotgan 4 million kv/soat elektr energiyasi ham aholiga berilmoqda. Barcha shahar va tumanlarda elektr ta’minoti tizimidagi avariyalarni tezkorlik bilan bartaraf etish uchun zarur imkoniyatlar yaratilgan.
Ta’kidlanganidek, aholi va ijtimoiy soha ob’ektlariga uzluksiz ko‘mir yetkazib berilmoqda. Rejadagi 130 ming tonna o‘rniga 152 ming tonna ko‘mir zaxirasi yaratilgan va har kuni viloyatga 20-25 vagon ko‘mir keltirilmoqda. Ehtiyojmand oilalarni sovuq mavsumda ijtimoiy muhofazalash maqsadida viloyat bo‘yicha 7800 dan ortiq xonadonning har biriga 300 kilogrammdan yoqilg‘i bepul tarqatildi.
Namangan viloyati hududida joylashgan, qolaversa vodiy viloyatlarini poytaxtimiz bilan bog‘lovchi katta magistral yo‘l – Qamchiq dovonidagi vaziyat ham viloyat shtabi nazaridan chetda qolayotgani yo‘q. Viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi, viloyat IIB Yo‘l harakati xavsizligi boshqarmasi hamda “Qamchiqavtoyo‘l” ixtisoslashtirilgan yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi ishchi-xodimlarining sa’y-harakatlari bilan dovonda transport vositalarining bir maromdagi harakatini ta’minlashga e’tibor qaratilib, yo‘llar qor va muzlardan tozalanmoqda.
Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA