Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Muammolar sayyor qabulda hal etildi
14:28 / 2026-02-12

Hududlarni iqtisodiy faol hududga aylantirish, xotin-qizlar bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish muhim vazifalardan biri hisoblanadi.

Shu maqsadda Sirdaryo viloyatining Mirzaobod va Oqoltin tumanlarida olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishish, tadbirkor ayollar bilan uchrashish hamda ularning muammolarini o‘rganish uchun Bosh vazir o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova tashrif buyurdi.

Tashrif davomida Bosh vazir o‘rinbosari tadbirkor ayollar bilan bevosita muloqot qildi. Xotin-qizlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash, bandlikni ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalariga bag‘ishlangan sayyor qabul tashkil etildi.

Sayyor qabulda 32 nafar tadbirkor ayol ishtirok etdi. Murojaatlar mas’ul tashkilotlar bilan atroflicha ko‘rib chiqildi. Natijada 18 nafar tadbirkorning masalalari joyida ijobiy hal etildi, qolgan murojaatlar bo‘yicha esa tegishli idoralarga aniq topshiriqlar yo‘naltirildi va ijrosi qat’iy nazoratga olindi.

–  Mirzaobod tajribasi asosida o‘tkazilgan bu galgi sayyor qabulda tadbirkor ayollar erishgan yutuqlar va ularni qiynatayotgan muammolarga alohida e’tibor qaratildi, –   dedi Oqoltin tuman hokimi o‘rinbosari va oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Shoira Qarshiboyeva.  –  Masalan, ratan stol va stul ishlab chiqaruvchi oqoltinlik tadbirkor ayol Dilbar Turdiyeva tuman hokimligi tomonidan joy bilan ta’minlangani, biroq unga faoliyatini yanada kengaytirishi uchun  qo‘shimcha joy masalasida murojaat qildi. Bu masala o‘rganilib, tegishlicha tartibda hal etiladigan bo‘ldi.

Shuningdek, Afrika laqqa balig‘ini intensiv usulda parvarishi bilan shug‘ullanayotgan yana bir tadbirkorimiz Ozodaxon Daminova ham faoliyatini kengaytirish va boshqa turdagi ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish maqsadida yer ajratish masalasini ko‘tardi. Bu borada aniq tushuntirish berildi.

Sayyor qabulda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi, Davlat aktivlarini boshqarish boshqarmasi, Ichki ishlar boshqarmasi, Xalq banki, Agrobank hamda Fuqarolarga huquqiy dalolatnoma yozish boshqarmasi xodimlari ishtirok etishdi.  

Tadbirkorlar  ko‘proq imtiyozli kredit olish masalasini ko‘tardi.

Har bir murojaat bo‘yicha hujjatlashtirish, bank xizmatlari va boshqa amaliy masalalar bo‘yicha ham tegishli maslahatlar taqdim etildi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri