Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Muammolar rivojlanishga to‘siq bo‘ladi
16:09 / 2026-02-02

Parkent tumanida Toshkent viloyati hokimi raisligida chorvachilik sohasidagi mavjud muammolarga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat va tuman hokimliklari mutasaddilari, huquqni muhofaza qiluvchi organ rahbarlari, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmasi, Soliq boshqarmasi, bandlik va kambag‘allikni qisqartirish sohasi mas’ullari, shuningdek, tegishli tashkilot rahbarlari ishtirok etdi.

Yig‘ilishda hududdagi 609 ta chorvachilik xo‘jaligi faoliyati yuzasidan o‘tkazilgan chuqur tahlil natijalari ko‘rib chiqildi. Ta’kidlanishicha, so‘nggi yillar tizimli nazorat va talabchanlik yo‘qolib, chorvachilik viloyatda eng orqaga ketgan yo‘nalishlardan biriga aylangan. 

Ma’lum bo‘lishicha, mavjud xo‘jaliklarning 66 foizi bugungi kun talablariga javob bermaydi. Ya’ni, mahsuldor zotlar olib kelinmagan, zamonaviy texnologiyalar joriy etilmagan, ilmiy yondashuv va xorijiy tajriba o‘rganilmagan. Ayrim xo‘jaliklar 15–20 yil oldin tashkil etilgan bo‘lsa-da, qoramollar soni 30–50 boshdan oshmagan. 

Yig‘ilishda yerdan samarasiz foydalanish masalasi ham keskin tanqid qilindi. Chorvachilik sub’ektlariga katta hajmda suvli, lalmi va yaylov yerlar ajratilgan bo‘lsa ham ushbu imkoniyatlardan to‘liq foydalanilmayapti. Ayrim xo‘jaliklarda umuman chorva mollari mavjud emas, boshqalari esa veterinariya va sanitariya talablariga zid ravishda qoramollarni xonadonlarda parvarish qilmoqda. 

Shuningdek, mahsulot ishlab chiqarish ko‘rsatkichlarini yashirish, go‘sht va sut hajmlarini hisobotlarda aks ettirmaslik holatlari keng tarqalgani, bu esa yashirin iqtisodiyotga yo‘l ochayotgani qayd etildi. Soliq va suv solig‘i bo‘yicha jami 23 milliard so‘mdan ortiq qarzdorlik mavjudligi ham sohadagi mas’uliyatsizlikni yaqqol ko‘rsatmoqda. 

Viloyat hokimi yig‘ilishda mas’ul rahbarlarning loqaydligi va nazoratning sustligini qattiq tanqid qilib, har bir tuman kesimida aniq vazifalar belgilab berdi. Xususan, istiqbolsiz va faoliyat yuritmayotgan xo‘jaliklarni to‘liq xatlovdan o‘tkazish, ortiqcha ajratilgan yerlarni zaxiraga qaytarish, shartnomasiz suvdan foydalanishga barham berish, qarzdorliklarni qisqa muddatlarda so‘ndirish hamda statistik hisobotlarning haqqoniyligini ta’minlash bo‘yicha qat’iy topshiriqlari berildi. 

Yakunda sohani isloh qilmasdan turib oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash mumkin emasligi, chorvachilikda intizom, hisob-kitob va mas’uliyatni kuchaytirish esa kechiktirib bo‘lmas vazifa ekani alohida ta’kidlandi. 

A.Musayev, O‘zA.