Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Muammolar Parlament quyi palatasi deputatlari nazoratida
21:59 / 2025-08-01

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari E.Aslonova hamda M.Baratovaning Buxoro viloyatiga navbatdagi o‘rganishlari Mahalla uyushmasi tuman bo‘limidan boshlandi.

Ma’lum bo‘lishicha, tumanda bugungi kunda ushbu hududda 23 ta mahalla fuqarolar yig‘ini bo‘lib, ularning 19 tasi o‘z binosiga ega. Joriy yilda foydalanishga topshirilgan 2 ta yangi binoda ham soha xodimlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Lekin, tumandagi “Beklar”, “Istiqbol” mahalla fuqarolar yig‘inlarining faoliyat olib borishi uchun umumta’lim maktabi hamda qishloq vrachlik punktidan xonalar ajratilganligi, ushbu mahallalarning talab darajasida ish olib borishlari imkonini bermaydi. Shuningdek, tumandagi “Hukumatobod” “Tuniroq” mahalla fuqarolar yig‘inlari binolari ham ta’mirtalab, “O‘zbekiston” mahallasida esa jamoat transporti ta’minoti qatnovining kamligi aholi e’tiroziga sabab bo‘lmoqda.

Parlament quyi palatasi deputatlari shu kuni “Geofiziklar qo‘rg‘oni” mahallasida bo‘lganlarida aholi xonadonlariga uzatilayotgan suv bosimi pastligi hamda elektr ta’minoti talabga javob bermayotganligiga guvoh bo‘ldi. Shuningdek, mahallada bolalarning jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanishlari uchun sport maydonchasiga ehtiyoj sezilmoqda. 

Deputatlar Kogon tumanidagi o‘rganishlar chog‘ida hududdagi tadbirkorlik sub’ektlarida ham bo‘lib, ularning faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. “Tutikunda” mahalla fuqarolar yig‘inida joylashgan “KOGON METALL SAVDO SERVIS” MCHJ metall mahsulotlar ishlab chiqarishga mo‘ljallangan. 5 million dollar investitsiya evaziga ish boshlagan korxonada bugungi kunda 100 dan ortiq aholi vakillarining bandligi ta’minlangan. 

Deputatlarning viloyatdagi ijtimoiy soha ob’ektlari va mahalla fuqarolar yig‘inlardagi o‘rganishlari davomida Buxoro tumanidagi 3252 nafar kishi istiqomat qilib kelayotgan “Saxovat” mahalla fuqarolar yig‘inida aholining yashash sharoitlari bilan yaqindan tanishdi.

Ma’lumki, Oliy Majlis deputatlarining ushbu mahalla aholisi bilan bundan oldin o‘tkazgan uchrashuvlari chog‘ida xonadonlarni elektr toki bilan ta’minlashda uzilishlar ro‘y berayotganligi, elektr kuchlanishi juda past quvvatda ekanligi, tok uzatgich simlari eskirganligi bo‘yicha e’tirozlar bildirilgan edi. 

Ushbu masala o‘tgan davr ichida Parlament Komissiyasi yig‘ilishida muhokama qilinib, Oliy majlis huzuridagi fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan o‘tkazilgan davlat granti tanlovi yakunlariga ko‘ra “Saxovat” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi transformatorlarni yangilash uchun 200 million so‘m ajratishga erishildi. 

“Tadbirkor ayol” O‘zbekiston ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi viloyat bo‘linmasi tomonidan Buxoro tumanidagi boshlovchi tadbirkor xotin-qizlar uchun ikki kunlik seminar mashg‘ulotlari o‘tkazilmoqda. Ularda biznes loyihalarini ishlab chiqish, tijorat banklaridan imtiyozli kreditlarni olish, tajribali soha xodimlari hamkorligida ish olib borish bo‘yicha tegishli bilimlar o‘rgatilmoqda. Seminar mashg‘ulotlarini kuzatgan Qonunchilik palatasi deputatlari E.Aslonova hamda M.Baratova tinglovchilarga yurtimizda ayollar tadbirkorligini rivojlantirishga qaratilgan Prezident Farmonlari, hukumat qarorlari, bu boradagi qonun ijodkorligi, sohani yanada taraqqiy ettirish bo‘yicha yaratilgan imkoniyat va imtiyozlar xususida batafsil ma’lumotlar berdi. 

– Yoshlarning bandligini ta’minlash, bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish bo‘yicha “Dolzarb 90 kun” tadbirlari doirasida o‘z faoliyatini boshlagan Yoshlar markazi kelgusida yigit-qizlarning kasb-hunarli, kelajagimizga munosib kishilar bo‘lib voyaga yetishishlarida muhim o‘rin tutadi, – deydi  deputat M.Baratova. 

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.