Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Muammolar o‘rganildi
07:04 / 2025-08-04

Bojxona postlari, turli korxonalar hamda chekka tumanlardagi investitsiyaviy loyihalar bilan yaqindan tanishish maqsadida Bojxona qo‘mitasi Raisi A.Mavlonov Buxoro viloyatida bo‘ldi.

Dastlab “Olot” chegara bojxona postidagi xizmat jarayonlari, fuqarolar va haydovchilar uchun mavjud shart-sharoitlar ko‘zdan kechirildi.

Postga tutash hududda yirik bojxona terminalining qad rostlashi hisobiga tirbandliklarning oldi olindi. Bu esa tadbirkorlarning vaqti va xarajatlarini tejash barobarida davlat byudjetiga undirilayotgan bojxona to‘lovlari salmog‘ini ham oshirdi.

Qo‘mita Raisi postdan o‘tayotgan haydovchilar va yo‘lovchilar bilan yaqindan muloqot qilib, ularning taklif va mulohazalariga quloq tutdi. Jumladan, yo‘lovchilar uchun qulaylik yaratish maqsadida postning piyodalar harakatlanadigan yo‘laklari bo‘ylab soyabon tom o‘rnatish topshirig‘i berildi. 

Postda va terminalda faoliyat yuritayotgan barcha xizmatlarning uzviy ishlashini ta’minlab, yuklar va fuqarolarning chegaradan o‘tish jarayonini tezlashtirish hamda muammoli vaziyatlar yuzaga kelishining oldini olish yuzasidan mas’ullarga topshiriq va ko‘rsatmalar berildi.

Tadbirkorlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, ularning faoliyatini joylarga chiqqan holda o‘rganish va sohada to‘sqinlik qilayotgan sun’iy g‘ovlarni bartaraf etish iqtisodiy rivojlanishning muhim omilidir.

A.Mavlonov Olot tumanidagi “Merganteks” to‘qimachilik korxonasida ham bo‘ldi. Korxonaning ishlab chiqarish va eksport salohiyati bilan tanishib, yuzaga kelayotgan muammolarni o‘rganishga alohida e’tibor qaratildi.

Korxona xom va bo‘yalgan poliyester tolasi ishlab chiqarishga ixtisoslashgan bo‘lib, yillik ishlab chiqarish hajmi 100 ming tonna poliefir, 25 ming tonna aralash ip kalava ishlab chiqarishni tashkil etadi. 

Eksport hajmi 2024 yilda 3,5 million AQSH dollarini, 2025 yilning o‘tgan davrida esa 600 ming AQSH dollarini tashkil etdi. Bugungi kunda korxonada 1,8 ming nafardan ziyod aholi bandligi ta’minlangan.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.