Buxoro viloyatida Adliya vazirligi, viloyat hokimligi, soliq boshqarmasi hamda boshqa tegishli tashkilotlar mas’ullari bilan birgalikda tadbirkorlik loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, yangi loyihalarni ishga tushirishda uchrayotgan muammolarni aniqlash va ularni bartaraf etish bo‘yicha tadbirkorlar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda Adliya vaziri o‘rinbosari M.Istamov, viloyat hokimining o‘rinbosari R.Asadov hamda viloyat soliq boshqarmasi boshlig‘i D.Yuldashev ishtirok etib, kichik va o‘rta biznes vakillari bilan ochiq muloqot olib bordi.

Xususan, uchrashuvda investitsion loyihalarni ishga tushirish, mahalliylashtirish dasturiga kiritilgan loyihalar va eksportyor korxonalarga amaliy yordam ko‘rsatish, sanoat mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi korxonalarning to‘liq quvvatda ishlashini ta’minlash masalalari muhokama qilindi.
Ta’kidlab o‘tish lozim, viloyatda soliq boshqarmasi tomonidan tadbirkorlar bilan doimiy muloqotni yo‘lga qo‘yish va ularning muammolarini hal etishga qaratilgan muloqotlar barcha hududlarda o‘tkazilmoqda.

M.Istamov Kogon shahridagi “Arabxona” mahalla fuqarolar yig‘inida “mahalla yettiligi” faoliyati bilan ham yaqindan tanishdi. Davlat rahbari farmoni bilan adliya organlari zimmasiga yuklatilgan vazifalar ijrosi yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar o‘rganildi.
Mazkur tadbir doirasida fuqarolarga huquqiy yordam ko‘rsatish, mahallada jinoyatchilikning oldini olish, profilaktik tadbirlar samaradorligini oshirish, aholi muammolarini joyida hal qilish borasidagi amaliy ishlar ko‘zdan kechirildi.

Shuningdek, vazir o‘rinbosari yangi qurilayotgan viloyat adliya boshqarmasi binosining qurib bitkazilgan qismlari bilan tanishib, loyihani bajarishning yuqori sifat standartlari va muddatlariga rioya qilish muhimligini ta’kidladi. Uchrashuvda qurilish va pardozlash ishlarini sifatli amalga oshirish yuzasidan tegishli maslahat va ko‘rsatmalar berildi.
Bundan tashqari, G‘ijduvon tuman adliya bo‘limi faoliyati bilan ham yaqindan tanishildi. Muloqot davomida xodimlarning o‘z vazifalari bo‘yicha amalga oshirishi kerak bo‘lgan ishlari yuzasidan fikr-mulohazalari va takliflari tinglandi. Shuningdek, ish sifati va samaradorligini oshirish bo‘yicha aniq tavsiyalar berildi.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.