Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Muammolar nazoratga olindi
09:22 / 2023-07-05

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Jamshid Xodjayev boshchiligidagi vazirliklar, idoralar, tarmoq birlashmalari va tijorat banklari vakillaridan iborat hukumat komissiyasi buxorolik tadbirkorlar, eksportchilar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.

Tadbirda asosiy e’tibor tadbirkorlar va eksportchilarning mavjud muammolarini hal etish, hududda tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha yangi taklif va tashabbuslarni o‘rganishga qaratildi.

Tadbirkorlar bilan rasmiyatchilikdan xoli ochiq muloqotga kirishilgan uchrashuvda ishbilarmonlar komissiya rahbariyati va viloyat hokimiga bevosita murojaat etdi. Faoliyatida yuzaga kelgan muammolarini o‘rtaga tashladi. Ishbilarmonlar ilgari surgan masalalar respublika, viloyat mutasaddi idoralari vakillari ishtirokida atroflicha muhokama etildi. Ularning talab va ehtiyojlariga javob beradigan maqsadli yechimlar ishlab chiqildi.

Xususan, Buxoro tumanidagi “BCT CLUSTER FAT AND OIL” MCHJ tomonidan umumiy qiymati 87 milliard so‘mga teng bo‘lgan chigitni qayta ishlash loyihasini ishga tushirish uchun 10 milliard so‘m kredit ajratish masalasi cho‘zilayotgani ma’lum qilindi. Bu murojaat tegishli bank mas’ullari ishtirokida muhokama etilib, bir hafta muddatda kredit ajratilishiga kelishildi.

Shuningdek, G‘ijduvon tumanidagi “Baxsh Savdo Biznes” MCHJ rahbari Bekzod Samadov jamiyat negizida amalga oshirilgan farmatsevtikada nitril qo‘lqoplar ishlab chiqarish fabrikasi faoliyatida aylanma mablag‘larni shakllantirish uchun 150 ming AQSH dollari miqdorida eksport oldi kredit mablag‘lari ajratishda amaliy yordam so‘radi. Bu masala tijorat banki hamda tegishli tashkilotlar hamkorligida atroflicha muhokama qilindi. Masala qisqa muddatda yechim topadigan bo‘ldi.

Uchrashuvda tadbirkorlar tomonidan ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha 9 ta, bojxona va soliq imtiyozlari bilan bog‘liq 2 ta, kredit muddatini uzaytirish yuzasidan 10 ta, yer maydoni va bino ajratish bilan bog‘liq 12 ta, kredit ajratish bo‘yicha 45 ta, qo‘shimcha qiymat solig‘i bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha 7 ta, ruxsatnoma olish bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha 5 ta va boshqa masalalar bo‘yicha 15 ta murojaatlar kelib tushdi. 

Ochiq muloqot yakunida tadbirkorlarning murojaatlari yuzasidan mas’ul rahbarlarga masalalarni hal etish bo‘yicha aniq muddat va amalga oshirish mexanizmlari ko‘rsatilgan amaliy chora-tadbirlar dasturini shakllantirish topshirildi. Barcha masalalarning yechimi qat’iy nazoratga olindi.

Tadbirda Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov ishtirok etdi. 

Zarif Komilov, O‘zA