Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Muammolar “kabinet”da emas, yuzma-yuz muloqotlarda hal bo‘ladi
20:13 / 2023-08-21

Tadbirkorlik iqtisodiyotimizning eng ustuvor yo‘nalishi hisoblanadi. Sohaning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi tobora oshyapti va so‘nggi yillarda yaratilayotgan ish o‘rinlarining 90 foizi ham aynan shu sohaga to‘g‘ri kelmoqda.

Bugun xalqaro miqyosdagi ziddiyatlar kuchaygan bir sharoitda biznes vakillarini har jihatdan qo‘llab-quvvatlash muhim hisoblanadi.  

Shu ma’noda O‘zbekiston Prezidentining 18 avgust kuni tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti ushbu yo‘nalishdagi eng muhim ishlardan biri bo‘ldi.

Qayd etish lozimki, bunday shakldagi uchrashuv uchinchi bor o‘tkazilmoqda. 2021 yildagi ilk uchrashuvda jami 10 mingga yaqin tadbirkor ishtirok etib, ochiq muloqot oldidan biznes vakillarini qiynayotgan muammolar bo‘yicha 15 mingdan ortiq murojaat qabul qilingan bo‘lsa, joriy yilgi muloqot arafasida 6 mingga yaqin murojaat kelib tushdi.  

Murojaatlarning kamaygani shunday muloqotlar natijasi, deyish mumkin. Avvalgi uchrashuvlarda ko‘tarilgan masalalarning 80 foizi individual xususiyatga ega bo‘lib, aksariyati joyida hal qilingan.  

Bu safar 70 foiz tadbirkor kredit va moliyaviy yordamni kengaytirish, biznesni joy va infratuzilma bilan ta’minlash, soliq tizimini soddalashtirish, tekshirish va ortiqcha byurokratiyani keskin qisqartirish bilan bog‘liq tizimli muammolar yechimlari bilan taklif qilindi.

Shu o‘rinda shunday ochiq muloqotlar va ulardan so‘ng qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar natijasi hisoblangan yana bir ma’lumotni keltirib o‘tish lozim: 2016 yilda atigi 268 mingta kichik tadbirkorlik sub’ekti faoliyat yuritgan bo‘lsa, 2021 yilga kelib bu ko‘rsatkich qariyb 471 mingtadan oshdi. O‘tgan bir yilda kichik tadbirkorlar soni 40 mingtaga ko‘payib, hozirda qariyb 589 mingtani tashkil qilmoqda.  

Uchrashuvda kichik tadbirkorlarning “oyoqqa turib olishi” va faoliyatini kengaytirishi uchun muhim takliflar ilgari surilgani ahamiyatli bo‘ldi. Jumladan, “Qishloq qurilish bank” “Biznesni rivojlantirish banki”ga aylantiriladi va bank huzurida har bir hududda bittadan, jami 14 kichik biznes markazlari tashkil etiladi.  

Markazlar soha vakillarini tadbirkorlikka o‘qitish, ularga loyiha qilib berish, faoliyatini moliyalashtirish, mahsulotlariga bozor va biznesiga sheriklar topish, buxgalteriya, soliq, audit, marketing, huquqiy va boshqa konsalting xizmatlarini ko‘rsatadi. Ya’ni, tadbirkor qancha ko‘p daromad topishidan bank manfaatdor bo‘ladigan tizim yaratiladi.  

Ushbu tashabbus bir yil ichida kamida 150 mingta kichik biznes sub’ektlarini “oyoqqa turg‘izish”, kamida 25 mingtasini o‘rta korxonalarga aylantirish, sohada 250 ming yangi doimiy ish o‘rinlarini yaratish imkonini beradi.

Ta’kidlanganidek, tadbirkorlar hamon soliq tizimidan, soliqchilar faoliyatidan rozi emas. Murakkab soliq ma’murchiligi, biznesga ortiqcha aralashish va tizimdagi korrupsiya holatlar hali ham davom etmoqda.  

Shundan kelib chiqib, soliq tizimi tubdan isloh qilinib, soliq ma’murchiligi soddalashtiriladi.  Jumladan, tizimda korrupsiya bilan bog‘liq shikoyatlarning haddan tashqari ko‘payishiga sabab bo‘lgan “tax gap” amaliyoti 1 oktyabrdan bekor qilinadi.  

Korrupsiyaga yo‘l ochib berayotgani kameral nazoratda tadbirkordan hujjat talab qilish yoki uni idoraga chaqirish qat’iyan taqiqlanadi. Shuningdek, tadbirkorning soliq idoralari bilan bo‘ladigan barcha nizolari ma’muriy sud vakolatiga o‘tkaziladi va bu boradagi har qanday cheklovlar olib tashlanadi.

Prezident ochiq muloqotning yakunida yoshlarga motivatsiya berdi: “Tadbirkorlik juda og‘ir. Ular bilan gaplashsangiz, eksport qilish, bozor topish azob, deydi.  Ular ko‘p o‘z ustida ishlaydi. Dunyoni kezib, o‘rganib keladi. Ularga ta’zim qilib, rahmat deyman. Siz tadbirkorlarga havas qilib, har kuni o‘z ustingizda ishlang. Izlanishdan, o‘zingizni qiynashdan charchamang. Shunda Prezident sizni har doim qo‘llab-quvvatlaydi”.  

Albatta, ham deputat, ham tadbirkor sifatida bunday ochiq muloqotlarni qo‘llab-quvvatlayman. Chunki davrning o‘zi sohaga oid muammo va kamchiliklarni “kabinet”da emas, yuzma-yuz muloqotlar orqali hal qilish foydali ekanini ko‘rsatmoqda.  

Jahongir ZIYAEV, 
“Milliy tiklanish” 
partiyasi deputati, 
tadbirkor.

O‘zA