Mamlakatimizda ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv tizimini rivojlantirish, toza ichimlik suvi bilan ta’minlash borasidagi ishlar ko‘lami ortib bormoqda.
Jumladan, xalqaro moliya institutlari ishtirokida joriy yilda umumiy qiymati 2 milliard 350,6 million dollarlik jami 22 ta investitsiya loyihaci amalga oshirilishi rejalashtirilgan bo‘lib, aholini ichimlik suvi bilan ta’minlashga ko‘maklashish maqsadida xalqaro moliya institutlari, jumladan, Osiyo taraqqiyot banki, Osiyo infratuzilmaviy investitsiya banki, Jahon banki, Yevropa taraqqiyot va tiklanish banki, Yevropa investitsiya banki, Arab muvofiqlashtirish guruhiga kiruvchi Islom taraqqiyot banki, Saudiya taraqqiyot jamg‘armasi va OPEK jamg‘armasining imtiyozli mablag‘lari jalb qilinmoqda.
«O‘zsuvta’minot» axborot xizmati tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, Andijon viloyati Ulug‘nor tumanidagi “Yangiobod” MFYda ham 1 ming 450 metr masofaga ichimlik suv quvuri tortish evaziga Chek sho‘r mahallasida istiqomat qiluvchi 70 ta xonadonning suv bilan bog‘liq muammosi barham topdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon shahrining Pirmuhamedov nomli ko‘chasida diametri 400 mm.li bo‘lgan suv quvurida yuzaga kelgan nosozlik tufayli suv toshayotganligi to‘g‘risidagi xabarlar tarqalgani va “Andijon suv ta’minoti” MCHJ mutasaddilari tomonidan bu hodisaning kelib chiqish sabablari va olib borilayotgan choralar haqida xabar bergan edik. Voqea sodir bo‘lgan kunning o‘zida jamiyatning tajribali mutaxassislari va bir nechta texnik vositalari jalb etilib, nosozlikni zudlik bilan bartaraf etish ishlari olib borildi.
Hozir suv quvurida nosozlik mavjud emas, aholiga bir maromda suv yetkazib berilmoqda. Shuningdek, yo‘lda piyodalar va avtomobillar harakati davom etmoqda.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, yuzaga kelgan holat iste’molchilarga ichimlik suvini yetkazib berish ta’minotiga va avtomobillar harakatiga jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatgani yo‘q.
Surxondaryo viloyati Oltinsoy tumanidagi Qorliq mahallasida 890 ta xonadon, 4 ming 895 nafar aholi istiqomat qiladi. Joriy yilda “Obod qishloq” davlat dasturi asosida aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash uchun Qorliq mahallasiga ham dastur doirasida 3,2 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan. Bunda jami 17 km (asosiy suv quvuri 9,5 km, ichki quvur 7,5 km)ga quvur yotqizish, 60 dona kuzatuv suv qudug‘i o‘rnatish, 1 dona 500 m3 suv saqlash havzasi (rezervuar) qurish, 1 dona suv inshootini qayta ta’mirlash hamda 485 ta xonadonga suv hisoblash asbobi o‘rnatilgan holda toza ichimlik suv bilan ta’minlash rejalashtirilgan.
Shundan bugungi kunda 11 km suv quvuri yotqizildi, 50 dona suv kuzatuv quduqlari o‘rnatilgan. Shuningdek, suv havzasi qurish, suv inshootini qayta ta’mirlash va har bir xonadonga suv quvurini kiritish ishlari olib borilmokda.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA