Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Muammolar bartaraf etilmoqda
12:44 / 2025-08-16

Buxoro viloyatiga biriktirilgan Respublika ishchi guruhining yig‘ilishi ayollar tadbirkorligini rivojlantirish va bandligiga ko‘maklashish bo‘yicha takliflarni o‘rganishga bag‘ishlandi.

Respublika Savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosari Nodira Shotursunova boshchiligida o‘tgan mazkur yig‘ilishda Savdo-sanoat palatasining viloyat hududiy boshqarmasi, viloyat Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi, adliya, soliq, investitsiyalar, sanoat va tashqi savdo, uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish, qishloq xo‘jaligi, oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar boshqarmalari, Markaziy bankning viloyat bosh boshqarmasi, AT “Mikrokredit bank”, “Xalq banki”, “Biznesni rivojlantirish banki”ning viloyat bo‘limlari, fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari viloyat Kengashi, Xotin-qizlar tadbirkorlik markazi mutasaddilari va barcha tuman-shaharlarning hokim o‘rinbosarlari ishtirok etdi. 

Viloyatda ayollar tadbirkorligini rivojlantirish, tadbirkorlik faoliyatini boshlashda muammolarga duch kelayotgan xotin-qizlar uchun Respublika Savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosari Nodira Shotursunova tomonidan sayyor qabul ham o‘tkazildi. Unda 30 dan ziyod tadbirkor hamda tadbirkorlikni boshlash istagida bo‘lgan xotin-qizlarning muammo va takliflari tinglandi.

Jumladan, subsidiyaga tikuv mashinasi, imtiyozli kredit olish, yer ajratish, soliqlar masalalari, faoliyatni kengaytirishda huquqiy maslahatlar so‘rab qilingan murojaatlar tinglandi. Muddat va o‘rganish lozim bo‘lgan murojaatlar tegishliligiga ko‘ra mas’ul tashkilot va idoralarga yo‘naltirilib, ijrosi nazoratga olindi.

Tadbirkor “BIGOSS-GROUP” MCHJ rahbari Nargiza Xasanova 2023 yilda o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘ygan. Boshlanishiga 30 million so‘m kredit olib tikuv mashinalari xarid qildi. Faoliyatini kengaytirgan tadbirkor bugun erkaklar va ayollar uchun dastro‘molchalar tikib chet elga eksport qilmoqda.

O‘tkazilgan sayyor qabulda o‘z murojaati bilan ishtirok etgan tadbirkor Nargiza Xasanovaning o‘rnatilgan quyosh panellari daromadining elektr tarmoqlari korxonasi tomonidan shartnomaga asosan to‘lab berilmaganligi masalasi joyida o‘rganilib, ijobiy hal etildi.

Shuningdek, respublika Ishchi guruhi vakillari “BIGOSS-GROUP” MCHJ ishlab chiqarish jarayoni bilan ham yaqindan tanishdi.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.