Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Muammo Trampdami yo “sho‘x qizaloq”da? (+video)
19:33 / 2025-10-08

AQSH Prezidenti Donald Tramp shvetsiyalik ekofaol Greta Tunbergning harakatlarini tanqid qilib, uni “g‘azabini nazorat qilishda muammosi bor qizaloq” deb atadi. Bunga javoban Tunberg ham qitmirlik bilan amerikalik rahbarning o‘zi shu muammodan aziyat chekayotganini aytdi. Bu fikrni u Instagram'dagi sahifasidagi videorolik orqali ifodalagan.

Ma’lumki, 22 yoshli Greta butun dunyoga tanilib ulgurgan. Amerika yetakchisi fikricha, u endi atrof-muhit muhofazasi bilan shug‘ullanmayapti, balki siyosiy masalalarga aralashyapti. Tramp qizgina shifokorga murojaat qilishi kerakligini aytgan. Bunga javoban Tunberg o‘zining ruhiy holatidan qayg‘urayotgani uchun Oq uy rahbariga minnatdorlik bildirgan:

– Siz nazarda tutayotgan “g‘azabni boshqarish muammosi” bilan kurashish uchun har qanday tavsiyangizni mamnuniyat bilan qabul qilaman. Menimcha, o‘zingiz ham ayni darddan aziyat chekayotgandek ko‘rinasiz.

Ma’lumki, turli davlatlarda ro‘yxatdan o‘tgan kemalar karvoni – “Global Sumud” flotiliyasi insonparvarlik yordami yetkazish uchun G‘azoga qarab yo‘lga chiqqan edi. Harakat tashkilotchilaridan biri aynan Greta Tunberg hisoblanadi. Guruhning maqsadi G‘azoda ochlikdan aziyat chekayotgan falastinliklarga ko‘maklashish. Afsuski, Isroil armiyasi karvon harakatiga chek qo‘yib, ko‘ngillilarga nisbatan turli qiynoqlar qo‘llab, 171 nafar faol, jumladan Tunbergni ham xalqaro flotiliya tarkibida Gretsiya va Slovakiyaga chiqarib yubordi. Aynan shu harakat AQSH rahbariga yoqmagan bo‘lishi mumkin. Isroil askarlari tomonidan qo‘lga olingan va G‘azoga o‘tishiga yo‘l qo‘yilmagan “Global Sumud” flotiliyasi kemasida bo‘lgan faol a’zolar keyinchalik o‘zlariga nisbatan shafqatsizlarcha munosabatda bo‘lganliklarini tasvirlab berishgan:

– Bizni azoblashdi, masxara qilishdi. Kemadan tushirilgan ilk kundanoq qiynoqqa duch keldik. Qo‘llarimizni qayirib, sindirishdi. Harbiylar bizni soatlab jazirama quyosh ostida tiz cho‘kib o‘tirishga majbur qilishdi. Gretani esa Isroil bayrog‘ini o‘pishga majburlashdi. Uning sha’ni va g‘ururini toptashdi.

Shunday qiyinchiliklarga qaramay, Tunberg boshchiligidagi faollar G‘azoga qo‘yilgan noqonuniy qamal olib tashlanmaguncha, falastinliklar ozodlikka erishmaguncha to‘xtamaymiz, deyishyapti. Bunday qat’iy qarorTrampga yoqmagan bo‘lishi mumkin, chunki faollar safi borgan sari kengaymoqda.

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/pbx_Mld6uzs" title="Muammo Trampdami yo “sho‘x qizaloq”da?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Kenja Bekjonov, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA