Jurnalistik surishtiruv
Qashqadaryo viloyati Kitob tumanining Denovbola qishlog‘i odamlari uchun bepoyon adirlar rizq-ro‘z manbai. Bu qishloq tog‘li hudud hisoblanib, aholi zich yashaydi va tomorqa maydoni yo‘q. Shuning uchun dehqonchilik, bog‘dorchilik va chorvachilik asosan qishloqdan teparoqda tog‘ yon bag‘irlarida, yaylov maydonlarida ajratilgan yerlarda amalga oshiriladi.
Denovbola qishlog‘i aholisining keyingi yillarda dehqonchilik va chorva boqish maydonlari bo‘yicha muammolarga duch kelayotgani haqidagi murojaati yuzasidan fotomuxbir bilan aytilgan manzilga bordik. Muammoning asl sababini aniqlashga harakat qildik.
– Azaldan bu joylarga aholimiz no‘xat, bug‘doy, arpa kabi ekinlarni ekib tirikchilik qilib kelgan, – deydi denovbolalik Muhibbobo Habibov. – Ota-bobolarimiz qo‘yib ketgan belgilar hozirgacha turibdi. Lekin keyingi yillarda xo‘jaliklar tarqaldi, bu yerlar o‘rmon xo‘jaliklariga o‘tib ketdi, ayni biz foydalanib turgan joy Jovuz o‘rmon xo‘jaligiga o‘tdi. Endilikda o‘rmon xo‘jalik biz bilan shartnoma tuzmayapti. Jovuzlik chorvadorlar bilan shartnoma qilgan, natijada ular ekkan ekinlarimizni chorvasiga yedirib yuboryapti. Muammo shundan kelib chiqyapti. Qishlog‘imizdan 16 ta kam ta’minlangan oilalarga shu yerdan 15 gektar yer ajratib, bug‘doy, arpa ekib berganmiz. Shukrki bu yil yog‘ingarchilik yaxshi bo‘lib, bug‘doy arpalar yaxshi o‘sgan, lekin jovuzlik chorvador ekainlarni payhon qilib ketyapti. Oxirgi 4-5 yildan buyon har yili shu muammo. Bizlar ekaveramiz, ular payhon qilib ketaveradi. Murojaat qilmagan joyimiz qolmadi. Lekin hech kim bizni tinglamayapti.
Ta’kidlash lozimki, “Ko‘hsor” mahallasiga qarashli Denovbola va Jovuz qishloqlari avvallari tumandagi Kitob davlat o‘rmon xo‘jaligiga qarashli yerlarda mehnat qilib kelgan. Keyinchalik hududda Jovuz o‘rmon xo‘jaligi tashkil topgach, umumiy maydon ikkiga ajratilib, har ikki xo‘jalikka taqsimlab berilgan. Odamlar doimgidek xo‘jalikdan o‘zlariga yer olib dehqonchilik, chorvachilik bilan shug‘ullanib kelgan. Biroq doimiy foydalanilgan 200 gektarga yaqin maydon Jovuz o‘rmon xo‘jaligiga o‘tkazilgani bois odamlar o‘rtasida kelishmovchiliklar yuzaga chiqa boshlagan.
– 1986 yildan buyon Denovbola hududiga brigadir, hosilot va ishchi bo‘lib ishlab kelaman, – deydi Saidjabbor Qurbonov. – Aynan mana shu turgan yerlarga shartnoma asosida bug‘doy, arpa, no‘xat ekar edik. Yashil makon doirasida hissa qo‘shamiz deb har xil turdagi mevali daraxtlar ham ekkanmiz. 42 nafar yoshga dehqonchilik qilish uchun qonuniy yer ham ajratilgan. Ikki uchta cho‘pon keladi va ekinlarimizni payhon qilib tashlaydi. Yuqori tashkilotlarga ham murojaat qildik. Foydasi bo‘lmayapti. Ular bu yerlar Jovuz o‘rmon xo‘jaligiga qarashli deydi. Yuqoriroqqa ham shu qo‘tonni qursa bo‘ladiku. Lekin unday qilmaydi. Bug‘doyni payhon qilyapti. Denovbola, Jovuz va Matmon qishloqlari odamlarining azaldan to‘y, ta’ziyasi bir. Shu muammoni tinch yo‘l bilan bir tomonga surilmasa oqibati yomon bo‘lishi mumkin.
Joriy yilda ham 15 gektar maydonga qishloqdagi kam ta’minlangan oilalar uchun g‘alla ekib bergan edik. Biroq biz g‘alla ekkan maydonlar Jovuz o‘rmon xo‘jaligi bilan shartnoma qilgan cho‘ponlar tomonidan payhon qilinib, ikki qishloq o‘rtasida nizo chiqishiga sabab bo‘lmoqda, deydi qishloq faollari hududni ko‘rsatar ekan.
– Denovbolalik 16 ta kam ta’minlangan xo‘jalik shu yerga bug‘doy ekkan. 2014 yilgacha sobiq Ulug‘bek xo‘jaligida qarashli edi va Denovbolaga berilgan edi, – deydi Sharofiddin Kamolov. – Keyin Jovuz o‘rmon xo‘jaligiga o‘tib ketdi. Va ular bilan shartnoma qilgan cho‘ponlar hosilimizni yedirib ketyapti. Jovuzdan ikkita aka-uka cho‘ponlar kelib mana shunday muammo chiqaryapti. Mahalla raisi ham, tuman hokimi ham tinglamayapti. Viloyat hokimiga ham bordik o‘rinbosarlari muammolaring hal bo‘ladi dedi. Lekin mana hech kim xabar olgani yo‘q.
Odamlarning so‘zlariga ko‘ra, o‘rmon xo‘jaliklari mas’ullari haligacha aniq chegaralarni ko‘rsatishmagan. Mahalla mas’ullari ham buni tasdiqlab, ikki xo‘jalik rahbarlarining murosaga kela olmayotgani odamlar tinchining buzilayotganini qo‘shimcha qilib o‘tdi.
[gallery-17880]
– Denovbola va Jovuz qishlog‘i odamlari o‘rtasidagi ikkita o‘rmon xo‘ajaligining kelishmovchiligidan xabarim bor, – deydi Ko‘hsor MFY raisi Salim Norimov. – Bu masala 1993 yildan buyon muammo bo‘lib kelmoqda. Bir necha bor yuqori tashkilotlarga murojaat qilganmiz. Ikkita o‘rmonning vazifasi bu ular hal qilishi kerak. Bir necha marta fuqarolar murojaat qilgan payti Kitob va Jovuz o‘rmon xo‘jaliklariga chiqqan paytimda ikkala o‘rmon ham “biz chegaramizni bilamiz, hududimizni aniqlab olganmiz, chorvadorlarning ham, ekin ekkan xalqning ham qonuniy shartnomasi bor” degan ma’lumotni bergan. Viloyat kadastr agentligidan vakillar keldi. Ikkala o‘rmonning vakillarini olib, chegaraning joyini belgilab, dalolatnoma tuzib ketgan ekan. Lekin hozirgi holatda chorvador ekilgan bug‘doylarni, nihollarni payhon qilayotgan bo‘lsa, uni albatta qonuniy chorasini ko‘ramiz. Chunki bug‘doy rizqimiz. Bu masalaga albatta yechim topamiz. Chunki aholimiz bir, ma’rakamiz bir. Arzimagan narsa uchun ikkita qishloqning bir-biri bilan nizolashib ketishiga yo‘l qo‘ymaymiz.
Tuman hokimligida har ikkala o‘rmon xo‘jaligi mas’ullari bilan bo‘lib o‘tgan suhbatimizda ular hududlar taqsimotiga to‘xtalib, har ikki qishloq xo‘jalik yerlaridan to‘liq foydalanishi mumkinligini ma’lum qildi.
– Asosiy masalamiz ikkita qishloq Denovbola va Jovuz qishloq aholisining yer masalasida tortishuvini biz ham o‘rganganmiz, – deydi Jovuz o‘rmon xo‘jaligi boshlig‘i Musurmon Turdiyev. – Hudud o‘rmon xo‘jaligiga qarashli bo‘lsada, undan istalgan mahalla fuqarolari kelib shartnoma asosida foydalanishga haqli. Chorva boqadimi, ekin ekadimi o‘rmon xo‘jaliklarini e’tirozi yo‘q. Bundan tashqari, ikkita o‘rmon xo‘jaligi o‘rtasida yer talashish masalasi umuman uchragani yo‘q. Muammo bo‘lishi mumkin emas. Tomonlarni murosaga keltirish uchun tuman va mahalla mas’ullari birgalikda harakat qilyapmiz. Masalasini ko‘rib chiqamiz.
– Hozir o‘sha yerda birorta fuqaro bilan qonuniy shartnoma qilinganmi, so‘raymiz mas’uldan.
– Hozircha jouzlik bitta fuqaroning o‘sha hududda chorva mollari boqish uchun shartnomasi bor. E’tiroz qilayotgan fuqarolarning shartnomasi yo‘q. Qonuniy tartibda ariza bilan murojaat qilsa, shartnoma qilishga bizning qarshiligimiz yo‘q. Lekin ekinlar payhon qilish chorvaga yedirish holati kuzatilmagan, nazoratchilarimiz doimiy nazorat qilib borishadi. Asl masala, u yerda aholi bu yerlar ota-bobomizdan qolgan yer deya e’tiroz bildirmoqda, lekin qonunlar bor, qoidalar bor.
Mas’ulning fikriga ko‘ra, shartnoma qilib qonuniy ishlashga hech kimning qarshiligi yo‘q, denovbolaliklar esa Jovuz o‘rmon xo‘jaligi ular bilan shartnoma qilishni istamayotganini ta’kidlaydi. Demak bu yerda biz bilmagan yana boshqa holatlar ham borga o‘xshaydi.
Tog‘u toshda bitta giyoh undirishning o‘zi bo‘lmaydi. Ertangi kun uchun ekilgan g‘allazorlarning chorva tuyoqlari ostida payhon bo‘lishi yoki umid bilan qadalgan nihollarning nobud qilinayotgani jiddiy muammo. O‘ylaymizki, mas’ullar bu muammoga jiddiy e’tibor berib, har ikki qishloq o‘rtasidagi kelishmovchiliklarga qonuniy yechim topishadi.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari