Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Muallimning obro‘-e’tibori, bu – avvalo millatning, butun xalqning obro‘-e’tiboridir
14:03 / 2022-10-01

Dunyodagi eng ulug‘ va sharafli kasb shubhasiz o‘qituvchilikdir. Hikmatga aylangan purma’no ta’kid bejiz ko‘p tilga olinmaydi. Chunki kim bo‘lmaylik, qaysi sohada ishlamaylik, qanday muvaffaqiyatlarga erishmaylik, avvalo, bunda ustozlarning mashaqqatli mehnati yotibdi. Shuning uchun ham ustoz zoti azaldan otaday ulug‘ sanaladi.

Muqaddas Qur’oni karimda ham o‘zi egallagan ilmni boshqalarga o‘rgatgan ustozlarning sha’ni-sharafi naqadar ulug‘ligi ta’kidlanadi. Hadislarda ilm o‘rgatuvchi ustozlarga «Payg‘ambarlarning merosxo‘rlari» deb ta’rif berilgan.

Hazrati Alisher Navoiy «Haq yo‘linda kim senga bir harf uqutdi ranj ila, aylamoq oson emas haqqin ado ming ganj ila», ma’rifatparvar bobomiz Mahmudxo‘ja Behbudiy esa «Dunyo imoratlari ichida eng ulug‘i maktabdir» deya ustozlarga ta’rif bergan edilar. Sohibqiron Amir Temur ham ustozlari hurmati, xizmatini joyiga qo‘yganlar va boshqalarni ham shunga da’vat qilgan ekanlar.

Ha, yana qaysi kasb egalari shunday ulug‘lanadi, shunday yuksak ta’rifga munosib ko‘riladi?  Albatta va yana albatta, muhtarama ustozlar, o‘qituvchi va murabbiylar.

Davlatmiz rahbarining O‘zbekiston o‘qituvchi va murabbiylariga yo‘llagan bayram tabrigida ta’kidlanganidek:
«Muallimning obro‘-e’tibori – bu avvalo millatning, butun xalqning obro‘-e’tiboridir. Shu bois, biz keyingi yillarda o‘qituvchi va murabbiylarning jamiyatimiz hayotidagi o‘rni va ta’sirini kuchaytirish, ta’lim tizimini zamon talablari asosida tashkil etish bo‘yicha ulkan islohotlarni amalga oshirmoqdamiz.

Bularning barchasidan ko‘zlagan maqsadimiz bitta. U ham bo‘lsa, Yangi O‘zbekistonning yangi Beruniylari, yangi Xorazmiylari, Ibn Sinolari va Farg‘oniylarini kamolga yetkazish, shu orqali jonajon Vatanimizni dunyo miqyosida rivojlangan, tinch, erkin va farovon mamlakatga aylantirishdan iborat».

Barcha ustozlarni, o‘qituvchi va murabbiylarni kasb bayrami bilan tabriklayman. Kelajagimiz egalari – yoshlarni komil inson etib tarbiyalash yo‘lida mehnat qilayotgan soha xodimlarini har qancha ardoqlasak, hurmat qilsak,  shuncha oz. O‘qituvchilik kasbi o‘zining ma’no-mazmuni, olijanobligini hech qachon yo‘qotmaydi va doimo ulug‘lanaveradi.  Kasb bayramingiz muborak bo‘lsin, HURMATLI USTOZLARIM!


Jahongir ZIYAEV,
«Milliy tiklanish» demokratik partiyasi deputati