French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Muallimlar sinovdan o‘tmoqda
17:50 / 2024-02-19

Namanganda maktabgacha va maktab ta’limi vaziri jamg‘armasi hisobidan 2024 yilda har oylik ustamaga da’vogar pedagoglarning saralash imtihonlari bo‘lib o‘tdi.

Davlatobod tumanidagi “Yuksalish” massivida yangidan barpo etilgan Bilim va malakalarni baholash agentligi viloyat bo‘limi binosida bo‘lib o‘tgan imtihonda ro‘yxatga olingan 249 nomzoddan 242 nafari ingliz tili, matematika, musiqa, kimyo, biologiya, fizika kabi umumta’lim fanlari bo‘yicha bilim darajasini baholash uchun test sinovlarini topshirdi. 

Dastlabki bosqichda nomzodlar pedagogika va kasbiy bilimlarga oid tuzilgan savollarga javob berdi. Test sinovlarining adolatli va shaffof o‘tishini ta’minlash maqsadida viloyatdagi oliy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilaridan iborat nazoratchilar biriktirildi. Jarayonlar internet va ijtimoiy tarmoqlar orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri namoyish etib borildi. 

E’tirof etish joizki, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan yurtimizda ta’lim sifatini hamda o‘qituvchilar malakasini oshirish va ularga munosib sharoit yaratish borasida olib borilayotgan amaliy sa’y-harakatlar natijasida bugungi kunda maktablarda ming dollarga teng oylik ish haqi oluvchi muallimlar soni 1 mingdan oshdi. Darhaqiqat, butun hayotini yosh avlod tarbiyasiga bag‘ishlagan jonkuyar o‘qituvchilar, ustoz-murabbiylar mehnatini munosib rag‘batlantirish, ularning ish va turmush sharoitini yaxshilash, jamiyatdagi obro‘-e’tiborini oshirishga katta ahamiyat qaratilmoqda. 

Xususan, Vazir jamg‘armasi ustamasining joriy etilishi bu boradagi muhim tashabbuslardan biri bo‘ldi. Ayni vaqtda Namangan viloyatida 12 million va undan yuqori miqdorda maosh oladigan maktab o‘qituvchilari 70 nafarni tashkil etadi. 

– Pedagogik faoliyatimni boshlaganimga 14 yildan oshdi. Keyingi yillarda biz muallimlarning qadrini ulug‘lash, jamiyatimizdagi o‘rnimizni oshirishga e’tibor qaratilayotganidan xursandmiz, – deydi Uchqo‘rg‘on tumanidagi olis qishloqda joylashgan 13-sonli umumta’lim maktabining jismoniy tarbiya va sport fani o‘qituvchisi Malika Dehqonova. – O‘zim 2006-2010 yillarda O‘zbekiston milliy basketbol terma jamoasi safida yurtimiz sharafini himoya qilganim uchun ham qishlog‘imizdan ham chempionlarni tarbiyalashga astoydil ahd qilganman. Hozir maktabda ochilgan basketbol sport seksiyasida 24 nafar, voleybol to‘garagida 14 nafar qiz bilan muntazam mashg‘ulot olib boraman. O‘qituvchilarni rag‘batlantirish maqsadida o‘tkazilayotgan bugungi test sinovlari, o‘ylaymanki, o‘quv maskanlarida ta’lim sifatini oshirish, malakali pedagoglarni saralashga xizmat qiladi. 

Joriy yil viloyat bo‘yicha umumta’lim muassasalari muallimlari uchun 76 ta, ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari pedagoglari uchun esa 7 ta kvota ajratilgan. Ikki bosqichda amalga oshiriladigan saralash imtihonlari natijalariga ko‘ra, eng yuqori ball to‘plagan malakali pedagog kadrlarga mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 5,5 baravari miqdorida har oylik ustama to‘lanishi belgilangan. 

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri