Shunday kasblar borki, umrimiz davomida ularga ta’zimda bo‘lamiz. Undan olgan bilm va tajriba asosida hayotimizning mazmunini yaratamiz. Chunki ular zamon bilan birga emas, balkim undanda ildamroq qadam tashlashga qodir.
Joriy yil 1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan Ilyos Raupov Prezidentimiz Farmoni bilan “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan xalq ta’limi xodimi” faxriy unvoni bilan taqdirlandi.
– Ba’zan shogirdlarim Ustoz, siz ham charchaysizmi deb so‘rashadi, – deydi Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanidagi 27-umumta’lim maktabining fizika fani o‘qituvchisi Ilyos Raupov. – Men hech qachon o‘quvchilar bilan ishlashdan, ilm berishdan, muallimini e’zozlagan shu yurt ravnaqi uchun xizmat qilishdan charchamayman. Bolalarni, maktabni yaxshi ko‘raman. Og‘ir paytlarda ham sohani tashlab ketish xayolimga kelmagan. Shogirdlarim ichida fan doktorlari, nufuzli ta’lim tashkilotlarida rahbar lavozimlarda ishlayotganlar ko‘p. Ular mening faxrim.

– Ba’zi o‘qituvchilar o‘quvchidagi qiziqish uning tug‘ma qobiliyati, layoqati bilan bog‘liq, deb hisoblashadi. Biroq bu borada mening fikrim tamoman o‘zgacha, – deydi ustoz. – O‘quvchidagi qiziqishlarning yuzaga chiqishida o‘qituvchi asosiy ta’sir kuchiga ega. O‘zim ham bolaligimda muallim Zebo Abdullayevaning kishini o‘ziga beixtiyor jalb etadigan saboqlari sabab fizika faniga qiziqib qolganman. Bugun faoliyatimda men ustozdan olgan sabog‘im sabab shu e’tiborga erishdim deb ayta olaman.
Faoliyatim davomida o‘quvchining qiziqishlarini o‘rganib chiqaman, u nimani istaydi, bo‘sh vaqtida ko‘proq nimalar bilan shug‘ullanadi. Javoblarga qarab, o‘z fanimni ularning qiziqishlari bilan uyg‘unlashtirishga harakat qilaman. Ayni paytda o‘quvchilarning deyarli barchasi bo‘sh vaqtlarini internet, telefon bilan o‘tkazishni xush ko‘radi. Shundan kelib chiqqan holda, fizika fani bilan bog‘liq ma’lumotlar, tushunchalar va hodisalarni o‘quvchiga ushbu texnikalar vositasida yetkazish maqsadga muvofiq, degan xulosaga keldim. Dastavval har bir sinf yo‘nalishida murakkab sanalgan ikki-uchta mavzuda multimedialar yaratdim.
2016 yili muallim ko‘p yillik mehnatlari uchun “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi. 2017 yili esa, u “Eng yaxshi dars ishlanmasi” ko‘rik-tanlovining respublika bosqichida faxrli o‘rinni qo‘lga kiritdi. Shu yili uning “Fizika darslarida elektron vositalardan foydalanish” mavzusidagi metodik ishi respublika miqyosida ommalashdi.
Hamkasblari orasida yuksak hurmat-e’tibor qozongan qariyb 35 yillik tajribaga ega Ilyos Raupov yangiliklarga intilib bugun ham shijoat bilan yoshlarni bilimli, yuksak ma’naviyatli hamda Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalashda namuna bo‘lib kelmoqda.
Zarif Komilov,
O‘zA muxbiri.