Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Muallimi ulug‘langan yurt obod bo‘ladi
12:02 / 2023-09-30

Publitsistika

Bu suhbatlarni tinglaganimda hali yosh bola edim. Davradagi insonlar esa yoshlari ulug‘ – otam tengi odamlar edi. Tongotar gurunglar ko‘proq qish faslida kechganini ham yaxshi eslayman. Bilasizmi, u zamonlar qishda tizza bo‘yi oppoq qor, gurunglar ham momiq qordek beg‘ubor bo‘lar edi. U paytlar do‘stlar davrasiga g‘iybatu, hasadgo‘ylik, mol-dunyoyu, boylik soya solib turmas edi...

...Qish. Otamning o‘n-o‘n besh chog‘li do‘st-birodari goh-gohida uyimizga kelib, kitobxonlik qilardi. O‘qiganlarining mazmunini chaqadi. Mabodo mutoladan zeriksa bolalar ta’lim-tarbiyasi, o‘qishi, odob-axloqi kabi masalalarda dardlashadi. Bolaligimdagi o‘sha gurunglarning mag‘zi milliy qadriyatlarimiz, farzandlar kelajagi, ustozlarning jamiyatdagi o‘rni va bizni kutayotgan olamshumul yangiliklar bilan bog‘liq bo‘lganini yoshim bir joyga yetganida tushundim... 

...U paytlar bolalar davradagi kattalarning gapiga aralashmas, suhbatini odob saqlab, jimgina tinglab o‘tirar edi. U paytlar o‘quvchisiga tanbeh bergan ustoz emas, o‘qituvchidan dakki eshitgan bola gunohkor bo‘lar edi. Qishlog‘imizda Nasrullo maxsum degan, xokisor inson bor edi. U kishining uy to‘rida boshini egib o‘tirishi, gapirganda ham yerga qarab mayin ovoz bilan sekingina so‘zlashi hanuz ko‘z oldimdan ketmaydi. Nasrullo maxsumning so‘zlayotganda ham, tinglayotganda ham, ovqat tanovul qilayotganda ham birovning yuziga tik boqqanini eslolmayman. Ul zotning hayratlanarli, ertaknamo gurunglarini tinglash uchun ham, ustozlardan tanbeh eshitmaslik uchun ham darslarimni ertaroq tayyorlab qo‘yar edim. Negadir Nasrullo maxsumning gurunglarini tinglasam mening hayotga, kelajakka qiziqishim yanada oshardi...

Ayoz. Tashqarida oppoq qor. Temir pechda yonayotgan olov uyni qizdiradi. Olovning shashti pasayib qolsa, pechkaga yog‘och o‘tin tashlab qo‘yaman. Mehmonlar avvaliga kitobxonlik qiladi. Keyin kitobni bir chetga surib, gurungni boshlaydi. Bu gal qishlog‘imiz maktabiga olis shahardan bolalarga dars berish uchun yosh o‘qituvchi kelganiyu, uning kirishimliligi, odobi, o‘quvchilarga mehri haqida suhbatlashadi. Nasrullo maxsumning boshini egganicha dasturxonga tikilib, gurungni jimgina tinglagani, keyin esa musichadek beozor ko‘rinishda mayingina ovoz bilan mavzuni yakunlagani xotiramda shundoq qolib ketganki, shu voqealar yuz berishini kutib yashaganman.

–Hali shunday kunlar keladiki, muallimning oyligi ro‘zg‘origa yetmay qoladi. O‘qituvchining obro‘yi tushadi. Erkaklar boshqa sohalarning etagidan tuta boshlaydi. Shundan so‘ng ta’limni qayta rivojlantirish uchun davlat katta oylik evaziga o‘qituvchilarni maktabga qaytaradi. Chekka qishloqlarga olis shaharlardan erkak-u, ayol o‘qituvchilar kelib saboq bera boshlaydi. Bu kunlarga ko‘p qovun pishig‘i bor...

Qishlog‘imizda devonasifat bir inson bo‘lardi. O‘sha yillari radioni qo‘lida ko‘targancha, ko‘chada qo‘shiq tinglab yurishni odat qilib qoldi. Bir safargi gurungda maxsum bobodan insonning ko‘cha-kuyda qo‘shiq eshitish odobi so‘raldi. O‘shanda Nasrullo maxsum bu odatning yaxshi yoki yomon fazilat ekani haqida hech nima demadi. Bir zum ko‘zlarini yumib, ko‘rsatkich barmog‘i bilan dasturxonga nimalarnidir chizgandek bo‘ldi-yu, sekingina gap boshladi:

–Bu dunyo asli bir kam yaralgan. Hali bir zamonlar bo‘ladiki, odamlar qo‘lidagi shapaloqdek kichkina apparatda Amriqodagi qarindoshlari bilan bir-birining qiyofasini ko‘rib, hol-ahvol so‘raydi. Istagancha suhbatlashadi. Kerak bo‘lsa televizor, kino ko‘radi, qo‘shiq eshitadi. Gazeta, kitob o‘qiydi. Biroq, u davrda biz uzoq safarga ketgan bo‘lamiz. O‘sha kunlarni ko‘rmaymiz...

U paytlar uyimiz ayvoniga musichalar uya qo‘yib, makon tutgan edi. Goho bu gurunglarni o‘zimcha beozor qushlar eshitib qolishidan ham qizg‘anar edim. Bilasizmi, nega? Agar bu gaplarni musichalar kimgadir aytib qo‘ysa, voqealar tez orada sodir bo‘ladigandek, menga esa kelajakning qizig‘i qolmaydigandek tuyulardi. Va yana bilasizmi, bolaligimda tinglagan bu gurunglarni nega O‘qituvchi va murabbiylar bayrami arafasida eslab qoldim? Men maxsum boboni avliyo inson edi, muallim yo murabbiy edi, deyishdan yiroqman. Ehtimol, Nasrullo maxsum o‘z davrining ziyrak, bilimli, uzoqni ko‘ra oladigan odami bo‘lgandir? Ehtimol, o‘sha kezlarda ozod va obod kunlar kelishini xayolan orzu qilib yashagandir? Bu yog‘i bizga qorong‘u...

Mening anglaganim shuki, mana bugun yoshu keksa qo‘l telefoni orqali sayyoramizning istagan joyidagi tanish-bilishlari bilan bemalol so‘zlashmoqda. Gazeta, kitobni ham shu matohda mutolaa qilmoqda. Dunyodagi barcha yangiliklarni yo‘l-yo‘lakay telefonida o‘qib, ko‘rib, bilib olmoqda. Kitob mutolaa qil, desangiz qovog‘idan qor yog‘adiganlar, gazeta-jurnal o‘qi, desangiz yuzingizga tikilib, sizdan ijirg‘anadiganlar ham paydo bo‘lmoqda...

Bolaligimda shu gurunglarga guvoh bo‘lgandan so‘ng ham ko‘p yillar maktabimizga boshqa shaharlardan yo‘llanma bilan kelgan muallimlar nemis, fransuz, ingliz tillaridan o‘quvchilarga saboq berdi. Keyin esa ularning o‘rnini shu tillar bo‘yicha mutaxassis bo‘lgan yosh mahalliy o‘qituvchilar egalladi.

Mustaqillikning boshlaridan maktablarning erkak o‘qituvchilari birin-ketin o‘zini tijoratga urganida, ayrimlari boshqa kasblarning etagidan tutib ketganida esimga beixtiyor Nasrullo maxsum, aniqrog‘i, u zotning bundan 30-40 yil avval aytgan gaplari tushgan. Oradan yana o‘ttiz yilcha o‘tib, mamlakatimizda oliy ma’lumotli pedagoglar nufuzi, oylik maoshlari oshirilganida yoki ikki yil muqaddam Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasida chekka maktablarga olis hududlardan borib dars o‘tadigan o‘qituvchilarga yaratiladigan sharoit va imtiyozlarni tinglaganimda ajdodlarimiz orzusi ushalayotganidan quvonganman. 

Surxon vohasida bugun 70 ga yaqin oliy ma’lumotli o‘qituvchi olis hududlardan kelib, yoshlarga fan sirlarini chuqur o‘rgatmoqda. Ular o‘tgan zamondagidek maxsus yo‘llanma bilan bu maktablarga majburan kelgani yo‘q. Aksincha, o‘z xohish-irodasi bilan kelib, o‘quvchilarga saboq bermoqda. Imtiyozlardan foydalanib, yaxshigina oylik maosh ham olmoqda. Takror aytay: men Nasrullo maxsumni avliyosifat inson yoki bashoratchi edi, demoqchi emasman. Ota-bobolarimiz ham o‘z davrida xayolan bizning bugungi hayotimizni orzu qilib yashaganini aytmoqchiman. Davlatimizning o‘qituvchi va murabbiylarga ko‘rsatayotgan beqiyos g‘amxo‘rliklariga, pedagoglik kasbi sharaflanayotganiga e’tiboringizni qaratmoqchiman, xolos. Zero, muallimi ulug‘langan yurt obod, keksalarining esa ko‘ngli shod bo‘ladi.

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri.