Munosabat

O‘zbekiston ta’lim tizimi so‘nggi yillarda tubdan o‘zgarishlar davrini boshidan kechirmoqda. Jumladan, oxirgi yetti yilda maktabgacha va maktab ta’limi uchun mablag‘ yetti karra oshirildi. Joriy yil uchun esa 60 trillion so‘m yo‘naltirilgan. Maktablarda 1 million, bog‘chalarda 1,5 million yangi o‘rinlar yaratildi. Natijada, qamrov darajasi 3 barobarga oshib, bog‘chalarda 78 foizga yetdi. Bu shubhasiz – infratuzilmaviy islohotlarda katta bosqichdir. Ammo inson kapitali – ya’ni pedagoglar sifatisiz bu raqamlar kutilgan natijani bermaydi.
Shu bois, Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 15 may kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida bu islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish, xususan, pedagog-kadrlar tayyorlash va malaka oshirish tizimini takomillashtirishga qaratilgan ustuvor vazifalar belgilab berildi.
Haqiqatdan ham so‘nggi vaqtlarda ta’lim uchun yetarli darajada pul ajratildi, imkoniyat yaratildi, lekin nega natija kutilganidek emas? Javobi aniq, ta’lim dasturlari yangilandi, lekin o‘qituvchi malakasi yangilanmadi. Malaka va metodika o‘zgarishdan orqada qoldi. Yuqoridagi holatlar tahlilidan kelib chiqib, yig‘ilishda Prezidentimiz tomonidan Avloniy nomidagi malaka oshirish instituti va uning 13 ta hududiy markazida amalga oshirilayotgan yangicha yondashuvlar borasidagi tashabbus aynan shu muammolarni tubdan hal qilishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Bu qanday o‘zgarish deysizmi? Avval, malaka oshirish markazlari – bu bir-ikki haftagina davom etadigan, aksar holda formal ravishda o‘tiladigan kurslar bo‘lib qolgan edi. Endi Avloniy institutida o‘qituvchidagi o‘zgarish to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘quvchida sezilishi kerak degan prinsip asos qilinyapti. Ya’ni, bilim “bir marta va hammaga” emas, zinama-zina, trener – yetakchi o‘qituvchi – umumiy jamoa targ‘iboti asosida tarqaladi.
Masalan, Jizzaxdagi malaka oshirish markazidagi 60 nafar professor-o‘qituvchi Singapur, AQSH, Germaniya kabi yetakchi mamlakatlar metodikasi asosida qayta tayyorlanadi. Maktabdagi 17 ta fanning har biri bo‘yicha alohida tayanch maktablari tashkil etiladi. Har bir tayanch maktabning 1 nafar o‘qituvchisi Malaka oshirish markaziga kelib, o‘z yo‘nalishida xalqaro dasturlar asosida chuqur tayyorlanadi, ularga trener maqomi beriladi. Ushbu trenerlar o‘ziga biriktirilgan hududdagi 25 nafar yetakchi o‘qituvchini o‘qitadi, yetakchi o‘qituvchilar esa o‘z maktabidagi qolgan muallimlar malakasini oshirib boradi.
Qolaversa, har bir tayanch maktabda maxsus laboratoriya – “kasbiy mahorat xonasi” tashkil etiladi. U yerda zamonaviy jihozlar, metodik materiallar, interaktiv o‘quv vositalari bo‘ladi. Tuman hokimlari bu xonalarni to‘liq jihozlashga shaxsan mas’ul qilib belgilandi. Shu bilan birga, barcha viloyat hokimlari malaka markazlarini faqat devor bo‘yoq bilan emas, balki metodika, muhit, bilim, tajriba jihatidan to‘liq qayta qurishga mas’ul etib belgilandi.
Yana bir muhim yo‘nalish – yoshlar bandligi masalasidir. Agar har birimiz bugungi yoshlar nima bilan band degan savolga javob qidirsak, ko‘p holatda xayolingizga qo‘lida telefon, qulog‘ida naushnik, ko‘zi ekranda bo‘lgan yoshlar gavdalanadi. Afsuski, shaharda ham, qishloqda ham shu holat. Chunki ko‘plab yoshlar uchun vaqt o‘tkazish, do‘stlar bilan uchrashish, qiziqishini rivojlantirishning samarali muhiti yo‘q.
Prezidentimiz bugungi yig‘ilishda ana shu muammoga ham yechim taklif qildi. Haqiqatdan ham mamlakatimizda yoshlar bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishi uchun yetarli infratuzilma bor. Faqat ular to‘liq ishlatilmayapti. Misol uchun bugungi kunda mamlakatda 900 ga yaqin teatr, madaniyat markazi va konsert zallari mavjud. Bundan tashqari, 1.500 ga yaqin sport maydonchalari, 200 ta oromgoh va 2000 dan ortiq turizm ob’ekti bor. Lekin bu joylarda hayot qaynamayapti. Teatr eshiklari ko‘p holda yopiq, madaniyat markazlarida sukunat, ko‘plab sport maydonlari esa vaqti-vaqti bilangina ishlaydi.
Shu bois, mutasaddilarga aniq topshiriq berildi. Endi har kuni joylardagi amfiteatr va sayilgohlarda konsert va musiqa kechalari o‘tkaziladi. Madaniyat va istirohat bog‘larida san’at ko‘rgazmalari, she’riyat kechalari va intellektual o‘yinlar tashkil etiladi. Bu tadbirlar nafaqat poytaxtda, balki har bir tumanda, har bir mahallada bo‘ladi.
Masalan, Yangi O‘zbekiston bog‘ida har kuni ochiq osmon ostida konsertlar bo‘lib o‘tadi. Bu tajriba boshqa hududlarga ham tatbiq etiladi. O‘sha bog‘da kechqurun sayrga chiqqan yoshlar shunchaki vaqt o‘tkazmaydi, balki konsert tomosha qiladi, do‘stlari bilan madaniyat muhitida muloqotda bo‘ladi, ijodkorlar bilan ko‘rishadi. Bunday muhit yoshlarning ruhiyatini ham, dunyoqarashini ham boyitadi. Ya’ni, endi yoshlar uchun bekorchilik, zerikarli hayot, internetda uzluksiz “syorfing” o‘rniga, real hayotda qiziqarli va foydali muhit yaratiladi.
Xulosa qilib aytganda, yig‘ilishda ta’lim tizimini yanada rivojlantirish, pedagoglar mahoratini oshirish hamda yoshlar bandligini ta’minlash borasida aniq maqsad, reja, mablag‘ va mas’ullar belgilandi. Galdagi vazifamiz biz, xalq vakillari hududlarda mahalliy Kengash deputatlari bilan hamkorlikda ushbu maqsad va vazifalar ijrosini nazorat qilish orqali natijadorlikni ta’minlashdir.
Mavluda ADHAMJONOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.
O‘zA