San’atkor, ijodkor va ijrochilarning mualliflik huquqlarini himoya qilish palatasi Butunjahon intellektual mulk tashkiloti Assambleyalarida kuzatuvchi maqomiga egk bo‘ldi.
Globallashuv va raqamli iqtisodiyot davrida intellektual mulkni himoya qilish nafaqat milliy qonunchilikning, balki xalqaro hamkorlikning ham muhim sohasiga aylandi. Bu jarayonda milliy tuzilmalarning xalqaro maydonga chiqishi, xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qilishi ijodkorlar huquqiy manfaatlarini himoya qilishda strategik ahamiyatga ega. Shu nuqtai nazardan, San’atkor, ijodkor va ijrochilarning mualliflik huquqlarini himoya qilish palatasining Butunjahon Intellektual Mulk Tashkiloti (BIMT) Assambleyalarida kuzatuvchi maqomini olishi katta siyosiy-huquqiy voqea sifatida baholanishi mumkin.
Palata uchun kuzatuvchi maqomi — bu rasmiy ishtirokdan ko‘ra strategik qadam. Kuzatuvchi maqomi Palata uchun nafaqat yirik yutuq, balki O‘zbekiston ijodiy sohasining xalqaro maydondagi obro‘-e’tiborini oshirishda strategik imkoniyat hamdir. Endilikda Palata BIMTning asosiy yig‘ilishlarida qatnashish, o‘z pozitsiyasini bildirish, tajriba almashish va taklif kiritish imkoniyatiga ega. Bunday maqom to‘liq ovoz berish huquqini bermasa-da, xalqaro jarayonlarda ishtirok etish imkoniyatini ochadi.
Ma’lumot o‘rnida, davlatimiz rahbarining 2020 yil 26 maydagi “Madaniyat va san’at sohasining jamiyat hayotidagi o‘rni va ta’sirini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 6000-farmoniga ko‘ra, San’atkor, ijodkor va ijrochilarning mualliflik huquqlarini himoya qilish palatasi tashkil etildi.
2023 yil 1 iyun kuni Palata Xalqaro mualliflar va bastakorlar jamiyatlari konfederatsiyasi (CISAC) va 2024 yil 30 sentyabr kuni Nusxa ko‘chirish huquqi tashkilotlari xalqaro federatsiyasi (IFRRO)ning ham a’zosi bo‘ldi. Shunga ko‘ra Palata dunyoning mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqarish bilan shug‘ullanib kelayotgan 30 ga yaqin tashkilotlari bilan xalqaro hamkorlik shartnomalari tuzish asosida ushbu tashkilotlar faoliyat yuritadigan davlatlarda ham o‘z mualliflari (huquq egalari) uchun mualliflik haqi yig‘ish imkoniga ega bo‘ldi.
Palataning BIMT Assambleyalarida kuzatuvchi maqomini olishi mamlakatning jahon savdo tizimiga integratsiya jarayoni va Jahon savdo tashkiloti (JST)ga a’zo bo‘lish yo‘lida muhim voqea hisoblanadi. Bu qadam xalqaro me’yorlar va institutlarga yaqinlashishning strategik qismi sifatida ko‘rilishi mumkin.
Intellektual mulk, xususan mualliflik huquqi jahon iqtisodiyotining markazida turibdi. JSTning Intellektual mulk huquqlarining savdo aspektlari to‘g‘risidagi bitimi (TRIPS) orqali davlatlarning patentlar, tovar belgilari, mualliflik huquqi va turdosh huquqlarni himoya qilish majburiyatlarini belgilaydi.
BIMT esa ushbu sohadagi xalqaro me’yorlarni ishlab chiqish va takomillashtirish uchun xalqaro muloqot maydoni hisoblanadi. JSTga a’zo bo‘lishga intilayotgan davlatlar uchun BIMT Assambleyalarida kuzatuvchi sifatida ishtirok etish — xalqaro hamjamiyat bilan oldindan hamkorlik qilish, xalqaro normalar va standartlarni implementatsiya qilish mexanizmlarini o‘rganish va kelgusi muzokaralarda o‘z pozitsiyasini shakllantirish imkonidir.
Palataning BIMT Assambleyalarida ishtiroki mamlakatimiz ijodiy industriyasining raqobatbardoshligini oshirish, mualliflik huquqi va turdosh huquqlar sohasida investitsiyalarni jalb etish hamda mualliflik huquqlarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Bu jarayon mualliflar (merosxo‘rlar) uchun yangi bozorlar ochadi, asarlar va ijrochilik mahsulotlarni xalqaro maydonda kengroq yoyilishiga yordam beradi.
Bunday hamkorlik O‘zbekistonni Markaziy Osiyoda mualliflik huquqlarini himoya qilish bo‘yicha mintaqaviy yetakchi davlat sifatida o‘z mavqeini mustahkamlashga qaratilgan. Buning natijasida nafaqat milliy san’at rivojlanadi, balki global madaniy jarayonda O‘zbekiston ovozi yanada kuchliroq yangraydi.
Palataning BIMT Assambleyalarida kuzatuvchi maqomini olishi milliy tizimni xalqaro standartlar bilan uyg‘unlashtirish, ijodkorlar manfaatlarini xalqaro doiralarda yoritish va o‘z pozitsiyasini ilgari surish imkoniyati paydo bo‘lishi, rivojlangan davlatlar va tashkilotlarning ilg‘or amaliyotini o‘rganish orqali milliy tizimni takomillashtirish, O‘zbekiston ijodkorlari asarlaridan xalqaro miqyosda foydalanganda tegishli haq undirish imkoniyatlarini kengaytiradi.
JST a’zoligiga tayyorgarlik. BIMT muhokamalarida ishtirok etish orqali TRIPS talablarini yaxshiroq anglash va milliy huquqiy bazani ularga moslashtirish mumkin.
Jarayonlarda ishtirok etish O‘zbekiston mualliflari uchun qanday manfaat beradi?
Bu jarayonlar:
milliy darajada –ijodkorlarning huquqiy manfaatlarini ta’minlaydi, ularning asarlaridan qonuniy foydalanish tizimini yo‘lga qo‘yadi;
xalqaro darajada –jahon miqyosidagi siyosiy-huquqiy jarayonlarda ishtirok etib, milliy manfaatlarni himoya qiladi;
integratsiya nuqtai nazaridan –milliy qonunchilikni global standartlarga moslashtirish imkoniyatini topadi.
Palataning xalqaro hamkorligi esa milliy ijodkorlarning asarlarini global miqyosda himoya qilish, ularning daromadlarini oshirish va mamlakat madaniy merosini dunyoga tanitishga xizmat qiladi.
Palataning BIMT Assambleyalarida kuzatuvchi sifatida qatnashishi — mamlakatimizning JSTga a’zo bo‘lish, bu xalqaro tashkilotning mualliflik huquqi va turdosh huquqlar himoyasini ta’minlash yo‘lidagi xalqaro munosabatlarni izchil o‘rganish, mamlakat manfaatlarini ushbu sohada himoya qilishda ishtirok etish imkoniyatini beradi.
Mualliflik huquqi himoyasi bilan shug‘ullanib kelayotgan Palataning xalqaro doirada e’tirofi nafaqat mamlakatimizning soha yo‘lidagi nufuzini oshiradi, balki kelgusidagi xalqaro majburiyatlarini og‘ishmay bajarishiga yordam beradi.
Nodirjon ASLONOV,
San’atkor, ijodkor va ijrochilarning
mualliflik huquqlarini himoya qilish
palatasi ijrochi direktor o‘rinbosari