Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mualliflik huquqlarini himoya qilish ijodkorlarga katta imkoniyatlar beradi
15:19 / 2025-10-25

Sirdaryo viloyati Adliya boshqarmasi tashabbusi bilan ommaviy axborot vositalari vakillari uchun matbuot anjumani hamda press-tur tashkil etildi. Tadbirdan kutilgan natija – mualliflik va turdosh huquqlarni himoya qilish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, joriy etilgan yangi tizim va mexanizmlar haqida jamoatchilikni xabardor qilish edi.

Anjumanda Adliya boshqarmasining bo‘lim boshlig‘i Akbar Ahrorov O‘zbekiston Respublikasining 2025 yil 8 avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonunining mazmun-mohiyati, uning ijod ahli uchun yaratib bergan huquqiy kafolatlari va amaliy ahamiyati haqida atroflicha ma’lumot berib, jumladan shunday dedi:

–  Bugun mualliflik va turdosh huquqini ta’minlashda raqamli texnologiyalarning o‘rni nihoyatda katta. Bu huquqbuzarlik holatlarini oldini olish, ijodkorlarning qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ijod sohasidagi shaffoflikni kuchaytirish va intellektual mahsulotlarni adolatli baholash imkonini yaratadi. Shu boisdan ham adliya xodimlari bu masalaga to‘g‘ri yondashib, nafaqat mualliflik va turdosh huquqlar, balki boshqa sohalarda ham qonuniylikni ta’minlash ustida izchil ish olib boryapti.

Press-turda ta’kidlaganidek, mamlakatimizda aholining, shu jumladan tadbirkorlik sub’ektlarining intellektual mulk sohasidagi xabardorlik darajasini oshirish, yaratilgan intellektual faoliyat natijalarini muhofaza qilish jarayonlarini raqamlashtirish orqali ortiqcha talablarni bekor qilish hamda intellektual mulkni huquqiy jihatdan ishonchli muhofaza qilish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Yuqorida keltirib o‘tilgan Qonun bilan intellektual mulk ob’ektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayoni soddalashtirilib, ayrim ob’ektlar bo‘yicha ekspertiza muddatlari qisqartirildi. Shuningdek, ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonlarida ortiqcha hujjatlar talab etilmasligi, patent bojlarini to‘lashda qo‘shimcha qulayliklar joriy etilishi hamda intellektual mulk ob’ektlariga bo‘lgan huquqlarni buzganlik uchun javobgarlik kuchaytirilishi nazarda tutilgan.

Bu esa nafaqat ijod ahli uchun, balki tadbirkorlar va ilmiy-texnik faoliyat bilan shug‘ullanuvchi mutaxassislar uchun ham muhim huquqiy kafolatlarni yaratadi. Yangi tartiblar intellektual mulk sohasida shaffof muhitni ta’minlab, mamlakat iqtisodiy rivojlanishi va innovatsion yuksalishiga xizmat qiladi.

Press-tur ishtirokchilari viloyat Adliya boshqarmasida yaqinda faoliyatini boshlagan “Media-markaz” bilan tanishdilar. Shuningdek, Guliston shahar adliya bo‘limida fuqarolar va tadbirkorlar uchun yaratilgan zamonaviy qulayliklar, xizmat ko‘rsatish tizimi hamda FHDYO bo‘limida yo‘lga qo‘yilgan keytering xizmati faoliyati bilan ham yaqindan tanishishdi.

Tadbir yakunida jurnalistlar sohada amalga oshirilayotgan yangiliklar, mavjud muammolar va kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan mutasaddilar bilan savol-javob tarzida muloqot o‘tkazishdi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri