Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mualliflik huquqini buzgan telekanal jazoga tortildi
11:03 / 2021-07-24

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasining “Mualliflik va turdosh huquqlar to‘g‘risida”gi Qonuniga binoan yuridik va jismoniy shaxslar asardan faqat huquq egasi yoki boshqa vakolatli shaxs bilan tuzilgan shartnomaga binoan, shu jumladan, mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilotlar bilan tuzilgan shartnomaga binoan yoxud ular bo‘lmagan taqdirda, bu tashkilotlarning vazifalari va majburiyatlarini bajaruvchi tashkilot bilan tuzilgan shartnomaga binoan foydalanishlari mumkin.

Intellektual mulk agentligi axborot xizmati rahbari Feruz Jo‘rayevning ma’lum qilishicha, Farg‘ona viloyati intellektual mulk markaziga kelib tushgan murojaat asosida “Muloqot eksklyuziv” MCHJ tomonidan yozuvchi Erkin Xushvaqtovning “Sizsiz o‘tmas kunlarim” nomli asari asosida tayyorlangan 20 seriyadan iborat audiovizual asarni “Muloqot” telekanalida muallif ruxsatisiz hamda shartnoma tuzmasdan qonunga xilof ravishda namoyish qilinganligi aniqlangan.  

Mazkur noqonuniy harakat uchun huquqbuzarga ma’muriy bayonnoma tuzilgan hamda jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘qon shahar sudi tomonidan huquqbuzarga nisbatan jarima jazosi tayinlandi.  

Muallif roziligisiz hamda shartnoma tuzmasdan asardan foydalanish qonunga xilof bo‘lib, javobgarlik belgilanishiga asos bo‘ladi.  

– Aholida huquq egasining intellektual mulkiga nisbatan hurmat hissini shakllantirish hamda ularning huquqlari poymol bo‘lishining oldini olish, bu borada aholining huquqiy ongini oshirish va jamoatchilik nazoratini o‘rnatish intellektual mulk himoyasi markazlarining o‘z oldiga qo‘ygan asosiy maqsadlaridan biri hisoblanadi, – dedi Feruz Jo‘rayev. – Shunday ekan, mazkur holatlar takrorlanmasligi, mualliflik huquqini hurmat qilishni targ‘ib qilish maqsadida joylarda targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib boryapmiz. Albatta, sa’y-harakatlarimiz orqali ko‘pchilik ijod namunasi ham avtomobil, turar-joy kabi mulk ekanligini va undan muallif ruxsati bilan foydalanish kerakligini tushunmoqda.  

Gulnoza Boboyeva, O‘zA