Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mualliflik huquqi: milliy amaliyot va xorijiy tajriba
19:30 / 2022-10-10

Samarqand shahrida Sharq va Yevropa mamlakatlari mualliflar mulkiy huquqlarini jamoaviy boshqaruvchi tashkilotlari Xalqaro assotsiatsiyasi (ASIPREEC)ning navbatdagi yig‘ilishi doirasida “Mualliflar va boshqa huquq egalarining huquqlarini boshqarish: muammolar va ularni hal etish mexanizmlari” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Qozog‘iston, Moldova, Gruziya, Shvetsiya, Chexiyaning mualliflar va turdosh huquqlarini jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilotlar vakillari, O‘zbekiston Respublikasi San’atkor, ijodkor va ijrochilarning mualliflik huquqlarini himoya qilish palatasi hamda Oliy Majlis Senati a’zolari bevosita, Butunjahon intellektual mulk tashkiloti (WIPO-Jeneva), Mualliflar va kompozitorlar jamiyatlari xalqaro konfederatsiyasi (SIZAK-Parij) va Ozarbayjon tashkiloti vakillari ZOOM platformasi orqali masofadan ishtirok etdi.

bugungi kunda intellektual mulk, xususan, mualliflik huquqi xalqaro doirada muhofazaga olingan. Dunyo jamoatchiligi ushbu sohaga alohida hurmat bilan qaraydi. Shuning uchun ham 1996 yilda YUNESKO tomonidan 23 aprel “Xalqaro kitob va mualliflik huquqlarini himoya qilish kuni”, 2000 yilda Butunjahon intellektual mulk tashkiloti tomonidan 26 aprel “Xalqaro intellektual mulk kuni” deb belgilangan.

– Mamlakatimizda ham mualliflar, ijrochilar va boshqa huquq egalarining huquqlarini muhofaza qilish va himoya qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda, – deydi San’atkor, ijodkor va ijrochilarning mualliflik huquqlarini himoya qilish palatasi raisi Boboqul Toshev. – Xalqaro tajriba asosida sohaga oid amaldagi qonunchilik takomillashtirilmoqda. Huquqbuzarliklarga qarshi kurashish va buzilgan huquqlarni tiklash bo‘yicha samarali ishlar olib borilmoqda. Huquq egalarining mulkiy huquqlarini jamoaviy asoslarda boshqarish tizimi joriy etilgan. Mulkiy huquqlarni boshqaruvchi tashkilotlar tuzilgan va ularning manfaatdor idoralar bilan hamkorligi yo‘lga qo‘yilgan.

Mazkur konferensiya ham xorijiy davlatlardagi mualliflik huquqi va turdosh huquqlarni jamoaviy asoslarda boshqaruvchi tashkilotlar o‘rtasida tuzilgan hamkorlik shartnomalari doirasidagi xalqaro aloqalarni kengaytirish, mulkiy huquqlarni mintaqa va xalqaro doirada boshqarish mexanizmlarini joriy etish, respublikamizning sohaga oid xalqaro majburiyatlarini bajarishga ko‘maklashish yo‘llarini izlash, tashkilotlar o‘rtasida axborot almashinuvini kengaytirish maqsadida tashkil etildi.

Konferensiyada mahalliy va xorijlik olimlar, xalqaro ekspert va mutaxassislarning ma’ruzalari tinglandi. Sohaga oid xalqaro hamkorlikni yanada kuchaytirish, dunyoda yuzaga kelayotgan voqeliklar va raqamli muhit sharoitlarini inobatga olib, zamonaviy va ta’sirchan mexanizmlarni joriy etish, axborot almashinuvini kuchaytirish, xorijiy tajribani chuqur o‘rganish asosida amaldagi qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan fikr almashildi.

– Qozog‘istonda mualliflik huquqlarini himoya qiluvchi yigirmadan ortiq tashkilot tuzilgan, – deydi Qozog‘istondagi “KazAK” bosh direktori B.Yesenaliyev. – Lekin bunday tashkilotlarning ko‘pligi va kelishmovchiliklar natijasida mualliflar hamda boshqa huquq egalari o‘zlarining mulkiy huquqlarini amalga oshirishda turli qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Masalan, audio asarlar, teleseriallar yoki multfilmlar mualliflarini boshqaradigan bitta tashkilot tuzish va uni tartibga solish mumkin. bugungi konferensiyada shu kabi muammolarga yechim xususida ekspertlar bilan tajriba almashdik.

Anjumanda kelgusida madaniyat va san’at vakillariga munosib ijtimoiy-iqtisodiy sharoitlar yaratish, joylarda asarlar va ijrolardan foydalanishda jamoatchilik nazoratini yo‘lga qo‘yish, mutasaddi idoralar bilan hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.

G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA