"Turkiston" san’at saroyida “Mualliflar va ijrochilar” palatasi nizomining taqdimot marosimi bo‘lib o‘tdi.
Ushbu tadbirga san’atkorlar, ommaviy axborot vositalari xodimlari, ekspertlar taklif etildi.
Ta’kidlanganidek, mazkur tuzilma ijodkorlarning mualliflik huquqlarini himoya qilish, intellektual mulk huquqlarini himoyalash maqsadida tashkil etildi.
Mualliflik huquqi himoya qilinadigan bo‘lsa, ijodkorlar ich-ichidagi haqiqiy san’at asarlarini yaratish haqidagi maqsadlariga ko‘proq e’tibor qilgan bo‘lardi, - dedi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov. - Shu ma’noda, ushbu palataning ahamiyati yuqori. Shu bois bugungi muhokamada faolroq bo‘lishingizni, nizom borasida fikrlaringizni erkin bildirishingizni so‘rayman.
Huquqshunos Boboqul Toshevning fikricha, palataning maqsadi fan, adabiyot, san’at va madaniyat sohasidagi muallif, ijrochilar hamda ularning huquqiy vorislari mulkiy huquqlarini boshqarish va himoya qilish, respublikada va undan tashqarida ham ularning huquqlarini himoya qilish kabi amaliy ishlardan iborat.
Taqdimotda “Mualliflar va ijrochilar” palatasi nizomining mazmuni ishtirokchilarga batafsil tushuntirildi.