Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
MTTlarga maxsus uskunalar topshirildi
17:08 / 2021-06-04

Maktabgacha ta’lim vazirligi tomonidan Davlat ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkilotlarini korreksion, pedagogik va reabilitatsiya uskunalari bilan jihozlash dasturining ikkinchi bosqichi amalga oshirildi.

Loyiha doirasida Chilonzor tumanidagi 289-sonli davlat ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkiloti hamda Qibray tumanidagi 34-sonli ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkilotiga maxsus ortopedik, funksional stullar, bolalar aravachalari va trenajyorlar kabi ko‘plab uskunalardan iborat to‘plamlar topshirildi.  

Dastlab ushbu asbob-anjomlar ortilgan yuk mashinalarini Maktabgacha ta’lim vazirligi binosi oldidan vazirlik mutasaddilari va xodimlari, jurnalistlar tantanali ravishda kuzatib qo‘ydi.  

So‘ngra har ikkala maktabgacha ta’lim tashkilotida ushbu yuklarni topshirish marosimi o‘tkazildi. Tadbirda maktabgacha ta’lim vaziri Agrippina Shin hamda vazir o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyeva ishtirok etib, mazkur loyihaning yo‘lga qo‘yilgani so‘nggi yillarda sohada olib borilayotgan ulkan islohotlar samarasi ekanini ta’kidladi.  

Darhaqiqat, yurtimizda yashayotgan har bir bolaga g‘amxo‘rlik qilish, ularning ta’lim-tarbiya olishi hamda yetuk insonlar bo‘lib ulg‘ayishi uchun munosib shart-sharoit yaratib berish Prezidentimiz olib borayotgan siyosatning ustuvor yo‘nalishlaridan biridir.

– Maktabgacha ta’lim sohasini rivojlantirish davlat siyosati sifatida ko‘rilib, 2017 yildan buyon tizimda qator amaliy ishlar olib borilib, soha tubdan isloh etilmoqda, – dedi Agrippina Shin. – Xususan, oxirgi to‘rt yilda bog‘chalar soni 5 ming 211 tadan 18 ming 300 taga, bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasi ikki barobar ortib, 27,7 foizdan 60,9 foizga oshdi. Davlat tomonidan berilgan imkoniyat va imtiyozlar natijasida xususiy va oilaviy bog‘chalar ham ko‘paydi. bugungi kunda respublika bo‘ylab maktabgacha ta’lim tashkilotlarida 1 million 700 ming nafar bola tarbiyalanmoqda.

Endilikda bog‘chaga bolalarni shunchaki to‘plab yoki ota-ona kelgunicha ularni ovutib-yupatib o‘tiradigan joy emas, balki farzandlarimizga sifatli ta’lim-tarbiya beradigan maskan sifatida qaralmoqda.  

Inson umri davomida oladigan barcha axborot va ma’lumotning 70 foizini 7 yoshgacha bo‘lgan davrda olishini inobatga olganda bu juda to‘g‘ri va muhim yondashuvdir.  

Ixtisoslashgan maktabgacha ta’lim tashkilotlarini qamrab olish ko‘zda tutilgan mazkur loyiha doirasida topshirilayotgan Korreksion-pedagogik va reabilitatsiya uskunalari sog‘lig‘ida nuqsoni bo‘lgan bolalarni sog‘lomlashtirish va aqliy rivojlantirishga xizmat qiladi.

Eslatib o‘tamiz: dasturning birinchi bosqichida Toshkent shahridagi 17 ta ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim muassasasi qamrab olingan edi. Joriy yil oxirigacha 70 ta ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkiloti zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlanishi ko‘zda tutilgan.  

Darvoqe, bog‘cha tarbiyalanuvchilari loyiha tashkilotchilariga qo‘shiq va raqslar ijro etib, o‘z minnatdorligini bildirdi.

 

Mohigul Qosimova, O‘zA