Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
MTT: Milliy qadriyatlarga yo‘g‘rilgan tarbiya
14:10 / 2022-03-29

Maktabgacha ta’lim tizimida boshlangan keng qamrovli islohotlar Jizzax viloyatida ham izchillik bilan davom ettirilib, nomoddiy milliy madaniy merosimiz, milliy qadriyatlar, udum va an’analarimizni qadrlashga va uni maktabgacha ta’lim yoshidan boshlab bolajonlarimiz qalbi, ongu shuuriga singdirishga alohida e’tibor qaratayapmiz.

O‘tgan yilning noyabr oyidan buyon MTTlarimizda ta’lim sifatini yanada oshirish maqsadida har bir oyni milliylik bilan yo‘g‘rilgan, o‘ziga xos nomlar bilan atab kelayapmiz. Bu – avvalo pedagog xodimlarimizning o‘z ustida muntazam ishlashini, mashg‘ulot jarayonlarida ilg‘or pedagogik usullardan, momolarimizdan bizgacha yetib kelgan udum va an’analarimizdan keng foydalangan holda ularni amaliyotga izchillik bilan joriy etishini talab etadi.

Nihoyasiga yetib borayotgan mart oyini viloyatimizning maktabgacha ta’lim tizimida “Ajdodlar merosi va milliy qadriyatlarni ulug‘lash oyligi” deb nomladik va shu sababdan tasarrufimizdagi barcha maktabgacha ta’lim tashkilotlarida oylikning nomlanishiga mos ravishda turli tadbirlar, ko‘rik-tanlovlar tashkil etilmoqda. Quvonarlisi, ushbu tadbirlarimizda sharqona ruh, milliylik nafasi, bobomeros qadriyatlarimiz jilosi aks ettirilmoqda.

Ajdodlarimizdan bizgacha meros sifatida yetib kelgan milliy urf-odat, udum, an’ana va qadriyatlarimiz – “Chaqaloqni beshikka belash”, “Milliy liboslar – millat ko‘rki”, “Milliy raqslar”, “Laparlar”, “Aytishuvlar”, “Milliy o‘yinlar” kabi mavzularda tashkil etilayotgan mashg‘ulotlarda o‘zligimiz, urf-odatlar va an’analarimizning nafosati va jozibasi tarbiyachi va tarbiyalanuvchilar tomonidan ochiq mashg‘ulotlar davomida yorqin ifoda etib kelinmoqda.

Ana shunday tadbirlardan biri Zomin tumanidagi 18-sonli DMTTda “Ip yigirish va zardo‘zlik san’ati bilan tanishuv” mavzusida tashkil etilib, bu ochiq mashg‘ulot ishtirokchilarda juda katta taassurot qoldirdi.

Mashg‘ulotda tarbiyachilar paxtani savalashdan tortib, to uni urchuqda ip-kalava shakliga kelgunga qadar bo‘lgan jarayonni bosqichma-bosqich bolajonlar va barcha tadbir ishtirokchilari ko‘z o‘ngida, qadimgi milliy termalarimizni ijro etgan holda mohirona namoyish etib berdi.

“Ajdodlar merosi va milliy qadriyatlarni ulug‘lash oyligi” davomida viloyatimiz shahar va tumanlaridagi deyarli har bir maktabgacha ta’lim tashkilotlarida qator qadimiy udum va an’analarimizni o‘zida aks ettirgan ochiq mashg‘ulotlar o‘tkazildi.

Jumladan, Baxmalda Tushov kesdi”, Do‘stlikda “Chaqaloqni beshikka solish”, Paxtakor tumanida “Sumalak sayli”, G‘allaorol tumanida “Chilla kesdi”, Forishda “Milliy o‘yinlar”“kabi o‘tkazilgan turfa xil marosimlarmiz bolajonlarimiz xush kayfiyat ulashdi.

Xulosa qilib aytganda, so‘zlashuv ohangidan tortib, milliy liboslargacha, farzand dunyoga kelishidan tortib, to‘y-bayramlargacha bo‘lgan o‘ziga xos umumbashariy qadriyatlarni asrab-avaylash har birimizning Vatan oldidagi muqaddas burchimizdir. Zero, kelajakka poydevor eng avvalo o‘zlikni bilish va vatanparvarlikdan boshlanadi.

Feruza Soliyeva,
Jizzax viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasi boshlig‘i.
O‘zA