Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
MSK Raisi Qozog‘istondagi referendumda ishtirok etdi
16:21 / 2024-10-07

Shu yil 6 oktyabr kuni Qozog‘istonda atom elektr stansiyasini qurish masalasi bo‘yicha umumxalq referendumi bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi Raisi Z.Nizomxo‘jayev boshchiligidagi delegatsiya mazkur referendum jarayonlarida xalqaro kuzatuvchi sifatida ishtirok etdi.

Bu haqda O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi axborot xizmati ma’lum qildi.   

Kuzatuv jarayoni Qozog‘iston Markaziy saylov komissiyasi bilan ikki tomonlama hamkorlik doirasida hamda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, Turkiy davlatlar tashkiloti va Shanxay hamkorlik tashkiloti missiyalari tarkibida amalga oshirildi.   

Ta’kidlash joizki, mazkur referendum Qozog‘istonning mustaqil va suveren davlat sifatidagi tarixida to‘rtinchi referendum hisoblanadi. Atom elektr stansiyasini qurish mamlakat barqaror rivojlanishi yo‘lidagi asosiy qadamdir. Shu bois, ushbu masala umumxalq referendumi orqali hal qilinmoqda.   

Markaziy saylov komissiyasi vakillari ovoz berish kunida Qozog‘iston poytaxti va uning atrofidagi referendum uchastkalarida kuzatuv olib bordi.   

Umumxalq referendumida ikki turdagi uchastkalar o‘z faoliyatini yuritdi: fuqarolarning doimiy yashash manzillaridagi va vaqtinchalik turgan joylaridagi uchastkalar. Jami 10 ming 327 ta referendum uchastkalaridan 9 ming 709 tasi fuqarolarning doimiy yashash manzillarida, 618 tasi esa fuqarolarning vaqtinchalik turgan joylarida tashkil etilgan. Qozog‘istondan tashqari 59 ta mamlakatda 74 ta referendum uchastkasi o‘z faoliyatini amalga oshirdi. Referendum komissiyalarining jami a’zolari soni 70 ming 49 nafarni tashkil etdi.   

18 yoshga to‘lgan Qozog‘iston fuqarolari referendumda ovoz berish huquqiga ega. Referendumda ishtirok etish uchun ovoz beruvchilar ro‘yxatiga 12 million 244 ming 683 nafar Qozog‘iston fuqarosi kiritilgan. Agar ovoz berishda ishtirok etgan fuqarolarning yarmidan ko‘pi uni qo‘llab-quvvatlab ovoz bergan bo‘lsa, referendumda ko‘tarilgan masala bo‘yicha qaror qabul qilingan hisoblanadi.   

6 oktyabr soat 14:00 holatiga ko‘ra, referendumda ovoz berganlar soni 51,77 foizni tashkil etdi. Ya’ni, Qozog‘istonda atom elektr stansiyasi qurilishi bo‘yicha referendum bo‘lib o‘tgan deb hisoblandi.   

M.Komilova tayyorladi. O‘zA