Markaziy saylov komissiyasi Matbuot markazida Markaziy saylov komissiyachi raisi Zayniddin Nizomxo‘jayev ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tmoqda.
Ushbu anjumanda MSK raisi saylovni o‘tkazishga tayyorgarlik holati haqida mahalliy va xalqaro OAV vakillariga ma’lumot bermoqda.
Qayd etilganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovga tayyorgarlik ko‘rish va yuqori saviyada o‘tkazish maqsadida Markaziy saylov komissiyasi tomonidan 2021 yil 14 aprelda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha asosiy tadbirlar dasturi, 2021 yil 23 iyulda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazish bo‘yicha kalendar rejasi tasdiqlandi.
Markaziy saylov komissiyasi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hududlari chegarasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 14 ta saylov okruglari tuzildi va okrug saylov komissiyalarining 266 nafardan iborat shaxsiy tarkibi tasdiqlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi okrug saylov komissiyalari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi hududida tuzilgan 10 ming 761 ta saylov uchastkalarida 142 ming 51 nafar a’zo faoliyat olib bormoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining taqdimnomasiga asosan, Markaziy saylov komissiyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasining 37 ta xorijiy davlatlardagi diplomatik va konsullik muassasalari huzurida 54 ta saylov uchastkalari tuzildi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 14-Toshkent shahar saylov okrugiga biriktirildi.
N.Nasriyev,
O‘zA