Bugun Afg‘oniston Islom Respublikasi Mozori Sharif shahrida O‘zbekiston – Afg‘oniston o‘rtasida transchegaraviy savdoni rivojlantirish bo‘yicha Ishchi komissiyasining navbatdagi ikkinchi majlisi bo‘lib o‘tdi.
O‘tgan yilning 5 noyabr kuni Termiz tumanidagi Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish ta’lim markazida nufuzli Ishchi komissiya o‘tkazgan birinchi majlisda davlatlarimiz o‘rtasidagi chegara, savdo, chegaraoldi masalalarida yuzaga kelayotgan muammolar yechimi birgalikda muhokama etilib, tegishli takliflar ilgari surilgan hamda Ishchi komissiyasining ikkinchi majlisini Mozori Sharif shahrida o‘tkazishga kelishilgan edi.
Surxondaryo viloyati hokimining axborot xizmati rahbari Zaxiriddin To‘rayevning Mozori Sharif shahridan xabar berishicha, Ishchi guruhning bu safargi majlisi ham yuqori saviyada tashkil etilib, ikki tomonlama manfaatli kelishuvlarga erishilgan.
Uchrashuvda O‘zbekiston tomonidan Ishchi komissiya raisi, Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov, Afg‘oniston tomonidan Ishchi komissiya raisi, Balx viloyati voliysi Muhamamad Farxod Azimi so‘nggi yillarda ikki qo‘shni davlat o‘rtasida o‘zaro do‘stlik, birodarlik rishtalari tobora mustahkamlanib borayotganini alohida ta’kidlab, iqtisodiy savdo, madaniyat, turizm, ta’lim va boshqa sohalardagi hamkorlik aloqalari yanada rivojlanishiga katta ishonch bildirgan.
Qadim Amudaryoning ikki qirg‘og‘ida joylashgan o‘zbek va afg‘on xalqi azaldan yaqin qo‘shni, do‘st-birodar, og‘a-ini bo‘lib, yashagan. Og‘ir kunlarda bir-biriga yelkadosh bo‘lgan, quvonchlarini o‘zaro baham ko‘rgan. O‘tmishda dini bir, urf-odat, an’ana va madaniyati juda yaqin Afg‘on zaminida Abu-Rayxon Beruniy, Kamoliddin Behzod, Boborahim Mashrab, Mavlono Lutfiy, Hazrat Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur singari ko‘plab buyuk ajdodlarimiz qo‘nim topgan.
Keyingi yillarda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev va Afg‘oniston Islom Respublikasi Prezidenti Muhammad Ashraf G‘ani o‘rtasida o‘tkazilgan oliy darajadagi uchrashuv hamda muzokaralar mamlakatlarimiz o‘rtasida ikki tomonlama aloqalarni yanada mustahkamlash uchun yangi sahifani ochdi. Shunga muvofiq davlatlarimiz ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy, savdo, ta’lim, tibbiyot, investitsiya va boshqa yo‘nalishlarda o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga katta ahamiyat bermoqda. O‘tmishdagi yaqin aloqalar qayta tiklanayotir.
[gallery-549]
Bunday ezgu ishlar samarasi Surxondaryo viloyatida qo‘shni mamlakat sarmoyadorlari ishtirokidagi qo‘shma korxonalar soni keskin oshganida ham o‘z ifodasini topmoqda. Jumladan, 2018 yil janubdagi vohada afg‘onistonlik ishbilarmonlar ishtirokida 103 ta xorijiy hamda qo‘shma korxona faoliyat yuritgan, joriy yilda ularning soni 268 taga yetdi. Sayyoramizga koronavirus infeksiyasi chang solgan yakunlanayotgan yilning o‘tgan davrida afg‘onistonlik tadbirkorlar hududning sanoati, qishloq xo‘jaligi va xizmat ko‘rsatish sohalariga 13 million dollar qiymatida sarmoya jalb etdi. Surxondaryodan qo‘shni davlatga 42 million dollar qiymatidagi turli mahsulot eksport qilindi. Shundan 30 million dollarlik yoki 41 ming tonnasi qishloq xo‘jaligi mahsulotlaridir.
Viloyatda 2020-2021 yillarda afg‘onistonlik ishbilarmonlar hamkorligida sanoat, xizmat ko‘rsatish va qishloq xo‘jaligi tarmoqlarida barpo etilishi ko‘zda tutilgan 46,8 million dollarlik 44 ta to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsion loyiha bo‘yicha ishlar izchil davom etmoqda.
Davlatimiz rahbarining bevosita g‘oyasi asosida vohaga xorijiy investorlarni jalb etish, ularga qo‘shimcha qulayliklar yaratish uchun Afg‘oniston Islom Respublikasi va Surxondaryo viloyati chegara oldi hududida “Termiz” erkin iqtisodiy zonasi hamda “Termiz xalqaro savdo markazi” tashkil etilgani bu boradagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tarish uchun keng imkoniyat yaratdi. 26 gektar maydonda barpo etiladigan “Termiz” xalqaro savdo markazida zamonaviy texnologiyalar asosida mahsulotlarni qabul qilish, saqlash, qayta ishlash, saralash va qadoqlash xizmatlari, elektron savdo portallari tashkil etilib, afg‘on fuqarolari uchun to‘liq savdo-sotiq qilish muhiti yaratilayotir.
Prezidentimiz tashabbusi bilan Termiz tumanida qad rostlagan Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish ta’lim markazida o‘tgan yillarda 96 nafar afg‘on yoshlari o‘zbek tili va adabiyoti yo‘nalishi bo‘yicha bilim olib, oliy ma’lumotli malakali mutaxassis bo‘ldi. 450 talabaga mo‘ljallangan zamonaviy ta’lim muassasasida bu yil yana qo‘shni mamlakatning 20 ta viloyatidan kelgan 172 nafar afg‘on yigit-qizlari “O‘zbek tili va adabiyoti”, “Oliy hamshiralik ishi”, “Yer usti transport tizimlari va ularning ekspluatatsiyasi” yo‘nalishlarida talim olmoqda.
Dunyoda hozircha muqobili yo‘q markazda Afg‘oniston davlati uchun iqtisodiyotning turli sohalari hamda qishloq xo‘jaligi bo‘yicha yetuk mutaxassislar tayyorlab berish imkoniyati mavjud. Do‘st mamlakat yoshlari uchun kichik biznes va tadbirkorlikni, ichki turizmni rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi, temir yo‘l, tikuvchilik, tasviriy va xalq amaliy san’ati, kulolchilik, chilangarlik, kompyuter savodxonligi, qandolatchilik va boshqa mutaxassisliklar bo‘yicha kurslar tashkil etishga barcha qulaylik yaratilgan. Shuningdek, mamlakatimizdagi 160 dan ortiq, vohadagi oltita oliy ta’lim muassasasida afg‘on yoshlarining bakalavr, magistratura, doktorantura yo‘nalishlarida o‘qish imkoniyati bor. Afg‘onistonlik fuqarolar uchun qadimiy vohada markazlashgan holda salomatlik turizmini yo‘lga qo‘yish, diagnostika markazlari va xususiy klinikalarda kunlik navbatsiz qabullarni tashkil etish, o‘zbek-afg‘on milliy madaniyat haftaligini joriy etib, taniqli san’atkorlar, shoir va yozuvchilar bilan ijodiy aloqalarni o‘rnatish, hududlar salohiyatidan kelib chiqib, sanoat korxonalari kooperatsiyasini rivojlantirish orqali foydali qazilmalardan samarali foydalanishi mumkin. Masalan, viloyatdagi “Komfort Invest Servis” korxonasi Sherobod tumanida yiliga 36 ming kvadrat-metr granit va marmar ishlab chiqarish quvvatiga ega 7 million dollarlik loyihani amalga oshirgan. Afg‘on tadbirkorlari ham zamonaviy korxonada jahonga mashhur granit, marmar va oniks xom ashyosini qayta ishlashi uchun qulay muhit va katta imkoniyat bor.
O‘zaro konstruktiv ruxda o‘tgan majlisda ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati atroflicha muhokama etilib, savdo, investitsiya, transport, turizm, ta’lim kabi sohalarda o‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirish istiqbollari belgilab olindi.Taklif va tavsiyalar bildirildi.
Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Afg‘oniston Islom Respublikasidagi maxsus vakili Ismatullo Ergashev, Afg‘oniston Islom Respublikasining Termiz shahridagi bosh konsuli Sangin Skandari, O‘zbekiston Respublikasining Mozori Sharif shahridagi konsuli Javhar Fattoyev ishtirok etdi.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA